Samarqandda Mirziyoyev va Jorja Meloni ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tdi

Samarqand shahridagi Kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Melonining yuzma-yuz hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
2023-yil iyun oyida Rim shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi, shu jumladan yetkazib berilayotgan mahsulotlar turining kengaygani hisobiga qariyb 3 barobar oshdi.
Qo‘shma korxona va loyihalar soni 2 barobar ko‘paydi. Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan metallurgiya, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, turizm va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli kooperatsiya yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston delegatsiyasi Venetsiyadagi biyennaleda faol ishtirok etdi, Florensiyada ko‘rgazma o‘tkazildi. O‘tgan yil dekabr oyida Rim va Viarejo shaharlarida O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonda Turin va Piza universitetlarining filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Aprel oyida rektorlarning ikkinchi forumi samarali o‘tdi.
Tomonlar faol siyosiy almashinuvni davom ettirishni qo‘llab-quvvatladilar.
Joriy yil aprel oyida Samarqandda o‘tgan samarali sammitni hisobga olgan holda Yevropa Ittifoqi institutlari bilan faol hamkorlik davom ettiriladi. Amaliy natijalarga e’tibor qaratgan holda «Markaziy Osiyo – Italiya» sammitini o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
Savdo sohasida biznesga texnik ko‘mak dasturlarini kengaytirishga kelishib olindi. Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish uchun o‘zbekistonlik eksportchilarni o‘qitish, Toshkentda qo‘shma Sertifikatlash markazini tashkil etish, Muvofiqlikni baholash to‘g‘risidagi bitimni qabul qilishni tezlashtirish shular jumlasidan.
Davlatimiz rahbari Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan Texnologik sheriklik dasturini ishga tushirishni taklif qildi.
Xususiy tadbirkorlikning innovatsion loyihalari, o‘ta muhim minerallar va qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash, avtomobilsozlik uchun butlovchi qismlar, elektrotexnika, energetika, oziq-ovqat, farmatsevtika, qurilish sanoatida yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish, to‘qimachilik, charm, mebelsozlik va boshqa tarmoqlar uchun dizayn markazlarini tashkil etish ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Bunday loyihalar Yevropa operatori boshqaruvida Toshkent viloyatida tashkil etiladigan sanoat parkida joylashtirilishi mumkin.
Loyihalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini ishga tushirish uchun qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etish, shuningdek, Italiyaning «SACE» va «SIMEST» davlat agentliklarini jalb qilish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Kompleks «yo‘l xaritasi» asosida qishloq xo‘jaligida keng ko‘lamli ilmiy-texnologik hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Uzum, zaytun, za’faron, sarsabil yetishtirish, agrolaboratoriyalar tashkil etish, biotexnologiyalarni rivojlantirish va agrosug‘urtani joriy qilish bo‘yicha kooperatsiya istiqbollari qayd etildi.
Yangi loyihalarni ilgari surish maqsadida Hukumatlararo guruh ishini qayta tiklash va uning yig‘ilishini biznes forumi bilan birga o‘tkazishga kelishib olindi.
O‘zbekiston va Italiya hududlari o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini kengaytirish doirasida Lombardiya gubernatori Attilio Fontana tashrifi va birinchi Hududlar forumi doirasida amaliy natijalarga erishish muhim ekani ta’kidlandi.
Ta’lim sohasida mamlakatimizda Tushiya universiteti filialini, Piza, Trento, Roma Tre va Ka-Foskari universitetlari bilan ikki tomonlama diplom dasturlarini ishga tushirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
O‘zbekistonda Italiya madaniyati kunlarini o‘tkazishga kelishib olindi.
Tashrif doirasida mehnat migratsiyasi sohada tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan bitim imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha kompleks «yo‘l xaritasi»ni tayyorlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter