ShHTda Samarqand ruhi: xorijlik haykaltaroshlik simpoziumi ochildi (foto)
15-avgust kuni «Samarqand-2022» Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Simpozium Turizm va madaniy meros vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirni Bosh vazir o‘rinbosari - Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi.
«Ushbu haykaltaroshlik simpoziumi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil qilindi, – dedi Bosh vazir o‘rinbosari. – Maqsad – ShHTga a’zo davlatlar sammitda nafaqat geosiyosiy masalalarni muhokama qilishadi, balki, Samarqandning o‘zgacha bir ruhidan bahramand bo‘lishadi.
Qolaversa, mazkur simpozium orqali yosh haykaltaroshlarga xorijlik tajribali haykaltaroshlarning ishlarini kuzatish, o‘rganish va tajriba oshirish imkoni yaratib berildi.
O‘ylaymanki, bu yaratilayotgan san’at asarlari tarixda qoladi va Samarqandda ShHT sammitidek tarixiy voqea bo‘lib o‘tganini eslatib turadi».
Aziz Abduhakimov, shuningdek, Samarqandga tashrifi uchun xorijlik haykaltaroshlarga minnatdorlik bildirdi.
Ma’lumot uchun, simpoziumda O‘zbekiston, Eron, Hindiston, Rossiya, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston haykaltaroshlari ishtirok etmoqda. Ular 10 sentyabrga qadar «Vatanparvar» bog‘idagi maydonda o‘z asarlarini yaratishadi. So‘ngra ushbu san’at asarlari Samarqand ko‘chalarini bezatadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter