Samarqandda UNWTO tematik ofisi ochildi
Joriy yilning 20 oktyabr kuni Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining yubiley 25-sessiyasi doirasida UNWTO hamkorligidagi Tematik ofisning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh kotibi Zurab Pololikashvili, UNWTOga a’zo davlatlar vazirlari va delegatsiyalari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari va boshqalar ishtirok etdi.
«Ipak yo‘li markazida – Samarqandda UNWTO tematik ofisining ochilishi O‘zbekistonning tashkilot mamlakatlari o‘rtasida mehmondo‘stlik va turizm industriyasini rivojlantirish an’analariga sodiqligini ta’kidlaydi. Bu davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning UNWTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi ochilishida e’lon qilgan brend targ‘ibotiga qo‘shgan hissasi uchun «Ipak yo‘lidagi turizm» maxsus xalqaro mukofotini ta’sis etish to‘g‘risidagi tashabbusida alohida ta’kidlangan. Brendni targ‘ib qilish Tematik idora tomonidan amalga oshiriladi», – dedi A. Abduhakimov ochilishda.
Tematik ofis UNWTO hamkorligida «Ipak yo‘li» xalqaro brendi loyihalari, tashabbuslari va tadqiqotlarini birlashtirish maqsadida tashkil etilgan. U Ipak yo‘lida turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan turizm sohasidagi tashkilotlar va ekspertlar faoliyatini kelgusida baholash va tavsiyalar berish uchun muvofiqlashtirishga mo‘ljallangan. Ofis UNWTOning 1-toifali Tashkiloti hisoblanadi, uning boshqaruv siyosatiga mos keladi va Tashkilotning ish va budjet dasturining ajralmas qismi hisoblanadi. Ofis binosi tarixiy Samarqand shahridagi «Bobur Mirzo» ko‘chasida joylashgan.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda UNWTO vakolatxonasi ochilishi mamlakatning Ipak yo‘li mamlakatlari orasida sayyohlik bozorida yetakchi o‘rinni egallashi va sohani innovatsion rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalarni jalb etishi uchun zamin yaratadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter