Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh prokuror Sardoba falokati, Prezident qat’iyati, aholi birdamligi va yangi tashkil etilgan shtab haqida gapirdi

Bosh prokuror Sardoba falokati, Prezident qat’iyati, aholi birdamligi va yangi tashkil etilgan shtab haqida gapirdi

Tarix guvohki, insoniyat hayoti faqat yaxshi kunlardangina iborat emas.

Binobarin, mamlakatimiz va xalqimiz ham o‘z boshidan suronli va tahlikali kunlarni ko‘p o‘tkazgan. Millatimizning buyukligi ham shundaki, u doimo sinovli kunlardan yorug‘ yuz bilan o‘tgan. Ana shunday damlardagi toblanish xalqimizga yengilmas matonat, sabr va mislsiz kuch-qudrat ato etgan.

Hech shubhasiz, shu kunlarda elimiz boshiga tushgan sinovli kunlar, xususan turli ofatlar asoratlarini ham davlat va xalq hamjihatlikda sharaf bilan yengib o‘tadi.

Nafaqat o‘zbekistonliklar, balki dunyo ahli ham samimiy e’tirof etayotganidek, Sardobadagi favqulodda hodisa jarayonida muhtaram Prezidentimiz tomonidan davlatning o‘z xalqiga g‘amxo‘rligining tarixda kamdan-kam uchraydigan yorqin namunasi ko‘rsatildi.

Darhaqiqat, davlat rahbarining o‘zi hodisa ro‘y bergan soatlardayoq bevosita joyiga chiqib, avvalo, odamlarning sog‘lig‘i, hayoti va taqdiri haqida qayg‘urishi, bu borada kechiktirib bo‘lmas qarorlar qabul qilishi noyob voqelikdir.

Prezidentimizning 2020-yil 1-may, ya’ni, Sardobadagi suv omboridan suv toshgan paytlardayoq ushbu hududga yetib borib, shu kunning o‘zida favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni belgilab berishdan tashqari to vaziyat nazoratga to‘liq olingunga qadar hududni tark etgani yo‘q. Bu jarayonda jabrlanganlar holidan (ular joylashgan manzillarga borib) xabar olishga vaqt va imkon topgani kimni to‘lqinlantirmadi, deysiz?!

Bu nafaqat davlat rahbariga xos betakror hislat, balki insoniylikning oliy namunasini ham emasmi?!

O‘z rahnamosining fidokorligi, g‘amxo‘rligi va saxovatidan ruhlangan vatandoshlarimiz ofat oldida Sirdaryo ahli bilan birdamligini namoyon etmoqda.

Deyarli har soatda mamlakatimizning u yoki bu hududidan beg‘araz yordam yuklari Sirdaryo sari yo‘l olmoqda.

Hatto ayrim hududlarda to‘plangan saxovat yuklari oldindan tayyorlab qo‘yilgan avtomobillarga sig‘mayapti va qo‘shimcha avtokarvonlar jalb etilmoqda.

Biz bevosita guvohi bo‘lgan bu jarayonlar to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardaham ko‘plab ma’lumotlar tarqatilmoqda.

Darhaqiqat, biz Sardobada yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha Hukumat komissiyasi a’zosi sifatida xalqimizga xos bo‘lgan bunday hamjihatlik, o‘zgalar haqida qayg‘urish, birovning musibatini o‘ziniki kabi qabul qilish va borini baham ko‘rish kabi ezgu hislatlar namoyishining bevosita guvohi bo‘lmoqdamiz.

Sirdaryoliklarning dardiga malham bo‘layotgan barcha saxovatpesha yurtdoshlarimizga samimiy minnatdorchilik bildiramiz.

Bunday xayrli ishlarga fuqarolar, tadbirkorlik sub’yektlari, barcha davlat tuzilmalari, nodavlat notijorat tashkilotlar birdek bel bog‘lab, hissa qo‘shayotgani esa, jamiyatdagi mustahkam birdamlikning amaliy ifodasidir.

Shuni ma’lum qilamizki, ular jo‘natayotgan oziq-ovqat va boshqa zaruriy mahsulotlar o‘z vaqtida, qat’iy nazorat ostida ehtiyojmandlarga yetkazib berilmoqda.

Xususan, 4 may holatiga kelib tushgan 162 tonna un, 63 ming litr o‘simlik yog‘i, 108 ming dona tuxum, 58 tonna shakar, 212 tonna guruch,43 tonnadan ziyod go‘sht va go‘sht mahsulotlari, 40 bosh qoramol va 100 bosh qo‘y, qariyb 330 tonna sabzavot, shuningdek 32,5 tonnadan ziyod boshqa mahsulotlar, kiyim-bosh, ko‘rpa-to‘shak, gigiyena vositalari va har xil uy-ro‘zg‘or buyumlari manzilli tarzda aholiga tarqatilmoqda.

Insonparvarlik yordami doirasida zarur oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar kelishi davom etmoqda.

Shuni alohida qayd etish joizki, ofatdan jabr ko‘rganlar qayerda vaqtinchalik joylashganidan qat’i nazar – xonadonlar bo‘ladimi, maktab va kollejlar binolari kabi ijtimoiy ob’yektlar bo‘ladimi, ularning biron-bir narsaga muhtojlik sezishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Har bir insonning davlat va jamiyat ko‘rsatayotgan e’tibordan mutlaqo chetda qolmasligini ta’minlash choralari ko‘riladi.

Ayni paytda Davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalar ijrosini so‘zsiz va samarali ta’minlash maqsadida Bosh prokuraturada maxsus shtab, favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruhlar ish boshladi.

Shtabning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda  ko‘maklashish;
  • evakuatsiya qilingan aholini zarur oziq-ovqat mahsulotlari, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari, yotoq anjomlari, shuningdek, kuniga uch mahal issiq ovqat bilan uzluksiz   ta’minlashni tashkil etish;
  • favqulodda hodisa ro‘y bergan hududlarda huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligi hamda tegishli mol-mulklar muhofaza qilinishini nazoratga olish;
  • jabrlangan fuqarolarning murojaatlari tezkorlik bilan ko‘rib chiqilishi hamda ularda ko‘tarilgan masalalarning hal etilishini ta’minlash;
  • aholi orasida yolg‘on, noto‘g‘ri ma’lumot va xabarlar hamda sarosima tarqalishining oldini olish.

Ishchi guruhlar esa tegishincha ijtimoiy-iqtisodiy hamda qishloq xo‘jaligida vujudga kelgan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashadi.

Bir so‘z bilan aytganda, prokuratura organlari ofatdan zarar ko‘rganlarning har qanday muammosini tezkorlik bilan hal etish, ularga zarur oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarning o‘z vaqtida, to‘liq yetkazilishini qat’iy nazoratga olgan.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev, 
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori,
Hukumat komissiyasi a’zosi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring