«Sariosiyo» aeroporti birinchi texnik parvozni qabul qildi

Surxondaryo viloyatida joylashgan «Sariosiyo» aeroportida rekonstruksiya ishlari yakunlandi. 29-aprel kuni mazkur aeroport birinchi texnik parvozni amalga oshirdi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, aeroport 1976-yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan uchish-qo‘nish yo‘lagi va boshqa infratuzilmalarning eskirgani sababli kapital ta’mirdan chiqarildi. 1550 metr uzunlikda va 35 metr kenglikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagining asfaltobeton qoplamasi ikki qatlamda yangilandi. Shuningdek, rulej yo‘laklari va ikkita ATR-72-600 turdagi samolyotlarni qabul qila oladigan perron ham ta’mirlandi.
Bugungi texnik parvoz SilkAvia aviakompaniyasining ATR-72-600 samolyoti orqali amalga oshirildi. Bu parvoz aerodromning parvozlarni qabul qilishga to‘liq tayyor ekanini namoyon qildi.
Ayni paytda, aeroport hududida 100 nafargacha yo‘lovchi sig‘dira oladigan yangi terminal qurilishi yakunlanmoqda. Barcha ishlar tugagach, bir oy ichida «Sariosiyo» aeroportida muntazam parvozlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, «Sariosiyo» so‘nggi yillarda faoliyati qayta tiklangan beshinchi mintaqaviy aeroport bo‘ldi. Avvalroq Muynoq, Qo‘qon, Shahrisabz va Zomin aeroportlari ham rekonstruksiya qilinib, ishga tushirilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter