Saudiya Arabistonida haydovchi ayollar paydo bo‘ldi

Bugun, 24-iyun kuni Saudiya Arabistonida ayollarning o‘zlariga tegishli mashinalarni haydashlari to‘g‘risidagi qaror kuchga kirishi munosabati bilan ko‘chalarda haydovchi ayollar paydo bo‘ldi. Bu haqda «Anado‘lu» axborot agentligi xabar bermoqda.
Mamlakatdagi ulamolar o‘nlab yillardan beri ayollarning mashina haydashlariga qarshi chiqishayotgan edi.
«Ixbariyya» va «Al-Arabiyya» telekanallari bugun erta tongdan ko‘chalarda ayol haydovchilar paydo bo‘lgani haqidagi tasvirlarni namoyish etdi.
Saudiya Arabistoni qiroli Salmon ibn Abdulaziz 2017-yil 26-sentyabr kuni ayollarning mashina haydashlariga ruxsat beruvchi qarorga imzo chekkan edi. Ushbu qaror bugundan kuchga kirdi.
Saudiya Arabistoni 2030-yilgacha ayollarning davlat va jamiyatdagi ishtirokini 22 foizdan 30 foizga chiqarishni rejalashtirmoqda.
Shu paytgacha dunyoda faqat Saudiya Arabistoni ayollarning mashina haydashlarini taqiqlab kelayotgan davlat edi.
Mamlakatda ayollarning mashina haydashlariga ruxsat berish uchun 1990, 2011, 2013, 2014 va 2015 yillarda maxsus kampaniyalar uyushtirilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter