Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saudiyada Tramp sharafiga osmono‘par bino quriladi

Saudiyada Tramp sharafiga osmono‘par bino quriladi

Saudiya Arabistonining Dar Global developerlik shirkati AQSh prezidenti Donald Tramp sharafiga bir milliard dollarlik osmono‘par bino quradi. Trump Plaza Jeddah deb atalgan majmua Jidda shahri markazida qad rostlaydi.

Trump Organization bilan hamkorlikda barpo etiladigan majmua premium darajadagi turarjoylar, apartamentlar, A toifadagi ofislar va eksklyuziv taunxauslardan iborat bo‘lishi xabar qilingan.

“Trump Plaza Jeddah loyihasi bilan Saudiya Arabistonidagi tijoriy ishtirokimiz kengayayotganidan g‘oyat mamnunmiz. Bu loyiha orqali dunyo darajasidagi mehmonnavozlik, zamonaviy hayot va jo‘shqin biznes muhitini uyg‘unlashtirgan holda mukammallik borasidagi qarashlarimizni ro‘yobga chiqaramiz”, – degan Trump Organization’ning ijrochi vitse-prezidenti, Donald Trampning o‘g‘li Erik Tramp.

Yangi majmua qachon ishga tushirilishi ma’lum qilinmagan.

Loyiha Saudiyada yuqori narxdagi ko‘chmas mulk sektori o‘sayotgan paytda amalga tatbiq etilmoqda. 2024 yilda podshohlik milliondan ziyod yangi tururjoy va yetti million kvadrat metr savdo va ofis inshootlari qurilishi uchun 1,3 trillion dollar sarmoya kiritdi.

Qayd etish joizki, Tramp oilasi Saudiya Arabistonida Trump Tower Jeddah deb atalgan yana bir osmono‘par binoni qurmoqda. Qizil dengiz sohilidagi hashamatli majmua 2028 yilda bitkazilishi kutilmoqda.

Donald Tramp ikkinchi muddatda AQSh prezidenti sifatida ish boshlagach, dunyo davlatlari, jumladan, arab monarxiyalari turli tijoriy loyihalar, katta-katta sarmoyalar orqali uning e’tibori va e’tirofini qozonishga urinmoqda. Jumladan, Trampning joriy yil may oyidagi Riyoz shahriga

tashrifi chog‘i Saudiya Arabistoni va AQSh o‘rtasida 600 milliard dollarlik sarmoyaviy bitimlar imzolangandi.

Qo‘shni Qatar davlati esa Trampni xushnud etish uchun 400 mln dollarlik serhasham uchoq hadya qilgani ma’lum.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring