Saylovda yutgan partiyalar nimalarga ega bo‘ladi?
Parlament quyi palatasiga 150 nafar deputat saylandi. Telegramdagi «Davletovuz» kanali siyosiy partiyalar saylovdagi natijalari bo‘yicha nimalarga ega bo‘lishi haqida yozdi.
Birinchisi, albatta, har bir qo‘lga kiritilgan deputatlik o‘rniga qarab, siyosiy partiyalar davlat budjetidan pul oladi. Siyosiy partiyalar faoliyatini moliyalashtirish tartibiga ko‘ra, joriy yilda partiyalarga budjetdan, bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, 91,4 mlrd so‘m ajratiladi. Ushbu summani partiyalar egallagan o‘rniga mutanosib ravishda oladi: O‘zLiDeP — 32 mlrd, «Milliy tiklanish» — 22 mlrd, «Adolat» SDP — 14,6 mlrd, XDP — 13,7 mlrd, Ekopartiya — 9,1 mlrd so‘m olishi kerak. Hisob-kitoblar bizniki, yaqinroq kelishi yoki butunlay boshqacha bo‘lishi ham mumkin.
Ikkinchisi, shubhasiz, eng ko‘p deputatlik o‘rnini qo‘lga kiritgan O‘zLiDeP Bosh vazir lavozimiga nomzod ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ladi. Darvoqe, O‘zLiDeP hukumatning to‘liq tarkibini shakllantirishda emas, balki Bosh vazir lavozimiga nomzod ko‘rsatishda konstitutsiyaviy vakolatga ega.
Uchinchisi, siyosiy partiyalar qo‘lga kiritgan o‘rinlariga qarab parlament palatasidagi qo‘mitalar raislari, ularning o‘rinbosarlari va a’zolariga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari, qoida tariqasida, spikerning o‘rinbosarlari bo‘lishadi.
Va to‘rtinchisi, g‘irt «o‘zbekona demokratiya» bo‘lib, siyosiy partiyalar hukumatda o‘z portfellariga ega bo‘ladi. Shunda go‘yoki umummilliy koalitsion hukumat shakllantirilgan bo‘ladi. Shuning uchun hukumat a’zolari, huquq-tartibot va kuchishlatar tizimlar rahbarlaridan tashqari, u yoki bu siyosiy partiya a’zosi hisoblanadi. Masalan, XDPda Bosh vazir birinchi o‘rinbosari, transport vaziri Ochilboy Ramatov, «Adolat» SDPda adliya vaziri Ruslanbek Davletov, sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov bor. Boshqa partiyalarda ham xuddi shunday hukumat a’zolarini topish mumkin.
P.S.: Darvoqe, turli tushunmovchiliklar bo‘layotgani uchun shuni aytmoqchimizki, Vazirlar Mahkamasining o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishi yangi shakllantirilgan Senatning birinchi majlisi o‘tkazilgan kunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga Bosh vazir tomonidan yozma murojaat berish orqali amalga oshiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter