Sayyohlar oltin xazina topib olishdi

Chexiya shimoli-sharqidagi Krkonoshe tog‘ida o‘rmon orqali yo‘lni kesib chiqmoqchi bo‘lgan sayyohlar xazina topib olishdi, deb xabar berdi CNN. Ular tosh devor yorig‘iga yashirilgan alyuminiy qutini ko‘rib qolishdi.
Qutidan 10 ta bilaguzuk, 17 ta portsigar, upa-elik qutisi, taroq va 598 dona tanga chiqdi — hammasi oltindan yasalgan!

Topilgan narsalar Sharqiy Chexiya muzeyiga topshirildi. Arxeologlar xazinani tekshirib, u topilgan joyni o‘rganishdi.
Qimmatbaho buyumlar va tangalarni kim va nega yashirgani hozircha noma’lum. Faqat shunisi aniqki, xazina yashirilganiga 100 yildan oshmagan, chunki tangalardan biri 1921-yilda zarb etilgan. Dastlabki taxminga ko‘ra, tilla buyumlar Ikkinchi jahon urushi boshlanishi arafasida tog‘larga yashirilgan bo‘lishi mumkin.

Topilgan buyumlarning qiymatiga ham hozircha aniqlik kiritilmagan. Faqat tangalarning o‘zi 3,7 kg bo‘lib, 360 ming dollarga baholanmoqda. Ularning birontasi mahalliy pullar emas, faqat bolqon va fransuz tangalari. Ikkita portsigar mahkam yopilgan, demak, ichida yana nimadir bo‘lishi mumkin.
Muzey vakillari ham xazina tarkibi juda noodatiy ekanini ta’kidlashmoqda. Barcha buyumlardagi metallar tarkibini aniqlash va ularni aniq baholash uchun qo‘shimcha tadqiqot talab qilinadi, deyilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter