Sayyohlarning eng sevimli shaharlari reytingi tuzildi

Tokio.
Condé Nast Traveler nashri sayyohlarning eng sevimli shaharlari reytingini e’lon qildi. Bu yilgi reytingni tuzishda 757 ming nafar sayyoh ovoz berdi.
Nashr ushbu reytingni har yili tuzadi. Unda ikkita nominatsiya bor — katta va kichik shaharlar uchun.
Megapolislar yoki katta shaharlar reytingida Tokio birinchi o‘rinni egalladi. Yaponiya poytaxti me’morchilik uslubi, qadimiy ibodatxonalar va osmono‘par binolarning uyg‘unligi, shuningdek, Mishlen yulduzli restoranlar juda ko‘pligi bilan turistlar e’tiboriga tushgan. Tokio dunyodagi eng yaxshi gastronomik yo‘nalishlardan biri hamdir.
Katta shaharlar orasida ikkinchi o‘rinni ham Yaponiya egalladi — bu eski poytaxt Kioto. Janubiy Afrika Respublikasining Keyptaun shahri yetakchi uchlikka kirdi. Shuningdek, Singapur, Seul, Parij, Vankuver, Edinburg, Monreal va Pnompen shaharlari top-10dan joy oldi.
Kichik shaharlar reytingi yetakchiligi Kanadaning Viktoriya shahriga nasib etdi. Ko‘pincha Vankuverga kelgan sayyohlar tabiat qo‘ynida yoki spa-mehmonxonalarda dam olish, shuningdek, Svars-Bey ko‘rfazida paromda sayr qilish uchun bir kunga Viktoriyaga ham qadam ranjida qilishadi.

Foto: Tripadvisor.com
Sevimli kichik shaharlar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinni Tinch okeani sohilida joylashgan Puerto-Valyarta (Meksika) egalladi. Uchinchi o‘rinni Uyg‘onish davri vatani, tarixiy va madaniy yodgorlik — Florensiya (Italiya) band etdi. Shuningdek, Lyusern (Shveysariya), San-Migel-de-Alende (Meksika), San-Sebastyan (Ispaniya), Goluey (Irlandiya), Palma-de-Malyorka (Ispaniya), Valletta (Malta) va Hobart (Avstraliya) shaharlari ham sayohlarning sevimli shaharlari reytingida yuqori o‘rinlarga ko‘tarildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter