SChR xizmati uchun belgilangan badal miqdori o‘zgartirildi

Illyustrativ surat.
O‘zbekiston Prezidentining 2018-yilning 2-fevraldagi farmoni bilan safarbarlik chaqiruvi rezervidagi (SChR) xizmatga qabul qilingan fuqarolar tomonidan maxsus hisob raqamiga to‘lanadigan pul badali joriy yilning 5-fevralidan boshlab eng kam oylik ish haqining 20 barobari, ya’ni 3 444 800 so‘m etib belgilandi. Bungacha badal miqdori eng kam oylik ish haqining 27,5 barobari, ya’ni 4 736 600 so‘mni tashkil etar edi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Farmonga muvofiq, joriy yilning fevral-mart oylarida tuman (shahar) chaqiruv komissiyalari tomonidan SChR xizmatiga o‘tkaziladigan chaqiruv yoshidagi fuqarolar yangidan belgilangan pul badali miqdori bo‘yicha shartnomalar imzolab, pul badallarini to‘lashlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, SRCh xizmati 2003-yilda chaqiruv yoshidagi fuqarolar uchun harbiy xizmat turi sifatida joriy etilgan. «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq, muddatli harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli, harbiy xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan, biroq Qurolli Kuchlar safiga muddatli harbiy xizmatga chaqirilmagan shaxslar SChR safiga olinadilar.
Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga o‘n sakkiz yoshdan yigirma yetti yoshgacha bo‘lgan chaqiriluvchilar olinadi va ular maxsus hisob raqamga pul badalini to‘laganlaridan so‘ng oylik harbiy yig‘inlarga jalb etiladi. Oylik yig‘inni o‘tab, harbiy qasamyod qabul qilganlarga harbiy guvohnoma beriladi.
Chaqiriluvchilar SChR xizmatiga olinganidan keyin bir yil mobaynida badal pulini to‘lashlari talab etiladi. Tomonlarning kelishuviga ko‘ra to‘lov to‘liq hajmda bir yo‘la yoxud bosqichma-bosqich amalga oshirilishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter