Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senat mahkumlar jazosini og‘irlashtirishga oid tartiblarni ma’qulladi

Senat mahkumlar jazosini og‘irlashtirishga oid tartiblarni ma’qulladi

Bugun, 2-mart kuni chaqirilgan Senatning yalpi majlisida senatorlar «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunni muhokama qildilar.

Muhokamada bugungi kunda manzil-koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning jazoni o‘tash joylarini o‘zboshimchalik bilan tark etish holatlari sodir etilayotganligi, biroq bunday mahkumlarga nisbatan qat’iy jazo choralari belgilanmaganligi, manzil-koloniyaga o‘tkazilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan mahkumlar tomonidan jazoni o‘tash davrida bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni qayta sodir etish holatlari kuzatilayotganligi ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, birgina 2021-yilda manzil-koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan 15 nafar mahkum tomonidan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar sodir etilgan bo‘lsa, 2022-yilda 77 nafar mahkum tomonidan shunday turdagi jinoyatlar sodir etilgan.

Shuningdek, qonunchilikda saqlash rejimini ashaddiy buzishning oqibatlari hamda mehnatdan bo‘yin tovlagan deb topishning aniq mezonlari belgilanmaganligi mahkumlar bilan olib borilayotgan tarbiyaviy ishlar samaradorligiga ta’sir qilayotganligi aytib o‘tildi.

Muhokama qilingan Qonun nafaqat yuqoridagi muammolarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan, balki jazoni ijro etish muassasalarida o‘rnatilgan tartib-qoidalarga to‘liq rioya etishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Xususan, Qonun bilan kiritilayotgan o‘zgartirishlarga asosan:

  • jazoni ijro etish muassasasini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketgan mahkumlarni saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi deb topish uchun asos bo‘ladigan 24 soatlik muddat 12 soatgacha qisqartiriladi va mahkum navbatdagi uchrashuvdan mahrum etiladi;
  • saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi mahkumlarga nisbatan manzil-koloniyadan umumiy tartibli koloniyaga, umumiy, qattiq yoki maxsus tartibli koloniyalardan turmaga o‘tkazish to‘g‘risida, shuningdek, manzil-koloniyadan umumiy yoki qattiq tartibli koloniyaga, qattiq tartibli koloniyadan maxsus tartibli koloniyaga, koloniyalardan turmaga qaytarish to‘g‘risida sudga taqdimnoma kiritiladi (Jinoyat-ijroiya kodeksi yangi 112-1-modda bilan to‘ldiriladi);
  • manzil-koloniyada jazoni o‘tash davrida saqlash rejimini ashaddiy buzganlik uchun umumiy tartibli koloniyaga o‘tkazilgan hamda umumiy yoki qattiq tartibli koloniyaga qaytarilgan mahkumlar, bu haqda sud ajrimi chiqqan kundan boshlab kamida ikki yil mobaynida, shuningdek, manzil-koloniyada jazoni o‘tash davrida jinoyat sodir etib, sud tomonidan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga hukm qilingan mahkumlar manzil-koloniyaga o‘tkazilmaydi;
  • mahkumlarni manzil-koloniyaga o‘tkazish muddatlari uzaytiriladi, ya’ni og‘ir jinoyatlar uchun – jazoning kamida uchdan bir qismini, o‘ta og‘ir jinoyat uchun kamida yarmini o‘taganidan so‘ng mahkumlar manzil-koloniyaga o‘tkazilishi mumkinligi hamda shu munosabat bilan mahkumlarni jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish – og‘ir jinoyatlar uchun jazoning kamida uchdan ikki qismini o‘taganidan so‘ng, o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun esa kamida to‘rtdan uch qismini o‘taganidan so‘ng qo‘llaniladi.

Ta’kidlanishicha, Qonunning amaliyotga tatbiq etilishi mahkumlarning jazoni ijro etish muassasalarida o‘rnatilgan tartib-qoidalarga to‘liq rioya etishlariga, tarbiyaviy tadbirlar samaradorligi oshishi hamda qayta jinoyat sodir etilishi holatlarining oldi olinishiga, mehnat qilishga bo‘lgan munosabatni ijobiy tomonga o‘zgartirishga, jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib-intizomini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muhokamalar so‘ng Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring