Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga doir qonunni ma’qulladi

Senat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga doir qonunni ma’qulladi

 

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, keyingi yillarda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan va suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hajmlarini oshirish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ikkilamchi ijaraga berish imkoniyatlarini kengaytirish, pillachilik va tutchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga, agrosanoat klasterlariga va boshqa yuridik shaxslarga yer uchastkalari ajratilishining huquqiy asoslarini belgilash, shuningdek yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar tomonidan yerlardan foydalanish shartlarini qayta ko‘rib chiqish zaruriyati mavjuddir.

Ushbu hujjat bilan Yer kodeksiga hamda «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi Qonunga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlari o‘n yilgacha bo‘lgan muddatga ikkilamchi ijaraga berilishi mumkinligini, shuningdek yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar tomonidan mazkur yer uchastkalarida hamda bog‘lar va tokzorlarning qator oralariga maqbul ekinlar ekilishini yoki tut ko‘chatlari o‘tqazilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Yer kodeksiga pillachilik va tutchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga, agrosanoat klasterlariga va boshqa yuridik shaxslarga maydoni o‘n gektargacha bo‘lgan yer uchastkalari ajratilishi mumkinligi to‘g‘risidagi qo‘shimcha kiritilmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi organlarining ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga doir vakolatlari belgilanmoqda.

Senatorlar fikricha, ushbu Qonun yer uchastkalaridan samarali foydalanish hamda pillachilik va tutchilikni yana-da rivojlantirish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish imkoniyatlarini kengaytirishga, shuningdek yer uchastkalaridan va suv resurslaridan foydalanishda qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring