Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senat yadroviy falokatlarda yetkazilgan zararni qoplashga doir qonunni ma’qulladi

Senat yadroviy falokatlarda yetkazilgan zararni qoplashga doir qonunni ma’qulladi

Senatning sakkizinchi yalpi majlisida «Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga (Vena, 1963-yil 21-may) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida»gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi mazkur Konvensiyaga qo‘shilishi natijasida fuqarolik yadro ob’yektlarida sodir bo‘lgan hodisalar oqibatida yetkazilgan zarar uchun javobgarlik rejimi, zararni qoplash tartibi, muddatlari va tamoyillarini belgilaydigan asosiy normalar tatbiq etiladi. Shuningdek, yadroviy javobgarlik rejimi yadroviy falokat yuz bergan taqdirda O‘zbekiston xalqiga tovon to‘lanishi ta’minlanadi.

Mazkur hujjatning asosiy maqsadi yadroviy qurilma operatori tomonidan boshqariladigan inshootlarda sodir bo‘lgan hodisalar natijasida yuzaga kelgan yadro zarari uchun operatorning javobgarligini, shuningdek, yadro zararidan moliyaviy himoyani ta’minlash uchun minimal talablarni belgilashdan iborat.

Qayd etilganidek, Vena konvensiyasiga qo‘shilish zararni qoplashning xalqaro miqyosda tan olingan huquqiy mexanizmlarini ta’minlab, jabrlanuvchilarni himoya qilishni kuchaytiradi, yadroviy qurilmalar operatorining aniq majburiyatlarini belgilaydi va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararlarni qoplash uchun ishonchli moliyaviy kafolatlarni yaratadi.

Shu bilan birga, milliy yadro xavfsizligi tizimiga ishonchni oshiradi, xalqaro hamkorlikni mustahkamlaydi va yadroviy javobgarlik sohasidagi zamonaviy standartlarga rioya etilishini ta’minlaydi.

O‘zbekistonning Vena konvensiyasiga qo‘shilishi yadro energetikasi va xavfsizligi sohasida xalqaro huquqiy maydonga kirishini ta’minlashga, yadroviy xavfsizlikni kafolatlashga, yadroviy zarardan jabrlanuvchilarning huquqlarini munosib himoya qilishga, davlatning yadro energetikasi sohasidagi mas’uliyatini aniq belgilashga hamda yadro energetikasi sohasida sug‘urta tizimi va kompensatsiya mexanizmlarini joriy etishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning Atom energiyasi xalqaro agentligi bilan hamkorlik aloqalari yana-da kengayadi va uning dasturlari doirasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish ishlari faollashadi.

Muhokama yakunida senatorlar tomonidan Qonun ma’qullandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring