Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senatni Tanzila Narbayeva, Sodiq Safoyev va Amanbay Orinbayev «uchligi» boshqaradi

Senatni Tanzila Narbayeva, Sodiq Safoyev va Amanbay Orinbayev «uchligi» boshqaradi

Bugun, 19-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisida tashkiliy masala ham ko‘rildi.

Konstitutsiyaning 101-moddasiga muvofiq, Prezident Oliy Majlis Senati Raisi lavozimiga senator Tanzila Norboyeva nomzodini taqdim etdi. 

Tanzila Norboyeva davlat va jamoat boshqaruvida boy tajribaga ega ekani, o‘tgan davrda shu lavozimdagi samarali faoliyati natijasida mamlakatimizda xotin-qizlar, bolalar huquqlarini ta’minlash va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vaziyat sezilarli ravishda yaxshilangani ta’kidlandi.  

Senatorlar nomzodni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.

Majlisga raislik qilish vakolati Reglamentga asosan Oliy Majlis Senati Raisi lavozimiga yangi saylangan  Tanzila Norboyeva o‘tdi. T.Norboyeva majlisni olib borishni davom ettirdi. 

Majlisda Senat Raisi o‘rinbosarlarini saylash to‘g‘risidagi tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi.   

Senat Raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga senator Sodiq Safoyev nomzodi, Senat Raisi o‘rinbosari lavozimiga esa Amanbay Orinbayev nomzodi tavsiya etildi.

Senatorlar nomzodlarni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.

Majlisda ishtirok etayotgan Prezident senatorlar tomonidan Senat raisi va uning o‘rinbosarlari etib saylangan Tanzila Narbayeva, Sodiq Safoyev, Amanbay Orinbayevni ularga bildirilgan yuksak ishonch bilan tabriklab, ularning kelgusi faoliyatida yutuq va muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tiladi.

«O‘zingiz bir tasavvur qiling – 37 millionlik xalqdan faqatgina 65 nafar insonga senator bo‘lishdek yuksak sharaf va baxt nasib etdi. Bu ulkan ishonch va mas’uliyatning qadriga yetish, uni halol va sodiq xizmat bilan oqlash barchamizning muqaddas burchimizdir.

Sizlar Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etishga munosib hissa qo‘shasizlar, xalqchil va adolatli qonunlar qabul qilib, barchaga o‘rnak bo‘lasizlar, deb tilak bildiraman.

Men siz, muhtaram senatorlar timsolida ana shunday katta ishlarga qodir, O‘zbekiston oldida turgan strategik vazifalarni chuqur anglaydigan, Vatan va xalq manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yadigan fidoyi insonlarni – o‘zimning eng yaqin maslakdoshlarimni ko‘raman.

Sizlar bor bilim va tajribangiz, kuch va imkoniyatingizni ishga solib, mamlakatimiz hayotida, Senat faoliyatida yangi, yorqin sahifa ochasiz, deb ishonaman», - dedi Prezident majlis yakunida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring