Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senatning ayrim tashkilotlar ustidan nazorat vakolatlari kuchaytirilyapti – professor

Senatning ayrim tashkilotlar ustidan nazorat vakolatlari kuchaytirilyapti – professor

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining 95-moddasida, Oliy Majlis Senatining huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar ustidan nazorat vakolatlari aniq qilib belgilab qo‘yilmoqda. Alohida ta’kidlash lozimki, Oliy Majlis Senatining mutlaq vakolatlari amaldagi 14 tadan 18 taga ko‘paymoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya xalqparvar davlat qurish maqsadida kuchli parlament, ixcham va mas’uliyatli hukumat, mustaqil va adolatli sud tizimini barpo etishga bevosita qaratilgan.

Oliy Majlisning qonuniylikni, sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashish va monopoliyaga qarshi qonunchilikka rioya etish sohasidagi nazoratni amalga oshirish  borasidagi tutgan o‘rnini kuchaytirish maqsadida, Senatga Sudyalar oliy kengashining tarkibini, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda monopoliyaga qarshi organlar rahbarlarini saylash vakolatlari berilmoqda.

Yangi tartibga muvofiq, Sudyalar oliy kengashi tarkibi, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda monopoliyaga qarshi organlar rahbarlarining nomzodlari Prezident taqdimiga binoan,  Oliy Majlis Senati tomonidan saylanish tartibi belgilanmoqda. Bu orqali esa birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ba’zi vakolatlari Senatga o‘tkazilmoqda, ikkinchidan, mazkur lavozimdagi shaxslarni shakllantirish demokratiyaning muhim ko‘rinishi, ya’ni saylash yo‘li bilan amalga oshirilmoqda, uchinchidan esa mazkur lavozimdagi shaxslarning Senat oldidagi mas’uliyati va javobgarligi kuchaytirilmoqda.

Amaldagi Konstitutsiyaning 80-moddasiga ko‘ra, Oliy Majlis Senati Prezident taqdimiga binoan Sudyalar oliy kengashining raisini tayinlash tartibi belgilab qo‘yilgan. Ammo, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda monopoliyaga qarshi organlar rahbarlarini tayinlash yoki saylash tartibi konstitutsiyada belgilanmagan.

E’tibor qaratadigan bo‘lsak, amaldagi Konstitutsiyada Oliy Majlis Senati Bosh prokuror va Hisob palatasi raisini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi Prezident farmonlarini tasdiqlash vakolatiga ega bo‘lgan bo‘lsa, endilikda mazkur lavozimlarga nomzodlar Prezident tomonidan taqdim etiladi, Senat esa ko‘rib chiqadi va ma’qullaydi.

Bu yangi tartibga ko‘ra, birinchidan, Prezidentning ba’zi vakolatlari Senatga o‘tkazilmoqda. Ikkinchidan, Bosh prokuror va Hisob palatasi raisini tayinlashda Senatning ishtiroki ta’minlamoqda, uchinchidan esa Bosh prokuror va Hisob palatasi raisinining Senat oldidagi mas’uliyati kuchaytirilmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taklif etilgan Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga nomzod yuzasidan Senat bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish tartibi belgilanmoqda. Bu orqali, Senatning mazkur lavozimga tayinlanadigan nomzod bo‘yicha o‘z fikr va mulohazalarini bildirish imkoniyati paydo bo‘lyapti. Amaldagi Konstitutsiyada esa Senat tomonidan Prezidentining DXX raisini tayinlash va uni lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmonlari rasmiy nuqtai nazardan tasdiqlanar edi. Bu albatta, Davlat xavfsizlik xizmati raisining Senat oldidagi mas’uliyatini oshiradi.

Parlament yoki uning quyi palatasi u yoki bu shakldagi davlat boshqaruvi organlarini shakllantirishda ishtirok etadigan mamlakatlar qatoriga Braziliya, Isroil, AQSh, Yaponiya kabi davlatlarni misol tariqasida ko‘rsatib o‘tish mumkin.

Xulosa qilib aytganda,  Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan ma’muriy islohotlarning maqsadi va vazifalaridan kelib chiqib, parlamentning yuqori palatasi – Senat modernizatsiya qilinmoqda. Senatning vakolatlari, shu jumladan, unga Prezidentning bir qator vakolatlarini o‘tkazish orqali kengaytirilmoqda.

Sherzod  ZULFIQOROV,
Jamoat xavfsizligi universiteti professori

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring