Senator Bojxona qo‘mitasi raisiga so‘rov yubordi
Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonovga senator so‘rovini yubordi.
Pirotexnika vositalarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, O‘zbekiston hududiga olib kirish, tashish, saqlash va sotish taqiqlanadi. Shunga qaramay, Yangi yil bayrami kunlarida O‘zbekiston shaharlari bo‘ylab ommaviy mushakbozlik va paqildoqbozlik kuzatildi. Avval xabar berganimizdek, bu hol ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Blogerlar pirotexnika vositalari yoppasiga otilganini bojxona xizmati vakillari o‘z vazifasini to‘laqonli bajarmagani oqibati deb baholadi.
Senator tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi raisiga yo‘llangan so‘rovda ham pirotexnika vositalari bilan bog‘liq holatlardan, ayniqsa, keksalar, bemorlar, yosh bolalar va boshqa toifadagi fuqarolarning tinchligi buzilgani, bu holat aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgani bayon qilingan. Shuningdek, bojxona organlari tomonidan pirotexnika vositalari bilan bog‘liq ko‘plab qonunbuzarliklar bartaraf etilgani haqida OAV orqali chiqishlar qilingan bo‘lsa-da, bu choralar kutilgan samarani bermagani qayd etilgan.
«Shulardan kelib chiqib, senator Bojxona qo‘mitasi raisidan pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda mamlakatimizga olib kirish va olib chiqish yoki o‘tkazish bilan bog‘liq salbiy holatlar nima sababdan to‘liq bartaraf etilmayotgani, mazkur vositalarning noqonuniy aylanishiga qanday omillar sabab bo‘layotgani yuzasidan ma’lumot taqdim etishini so‘ragan», – deyiladi Senat matbuot xizmati xabarida.
Qo‘mitadan qonunchilikda bu borada qanday bo‘shliqlar mavjudligi, qayd etilgan qonunbuzarliklarni to‘liq bartaraf etish bo‘yicha bojxona organlari tomonidan tezkor ravishda amalga oshiriladigan choralar haqida ma’lumot va takliflar ham talab qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter