Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sergelidagi portlash sabab 4 kishi qamoqqa olindi

Sergelidagi portlash sabab 4 kishi qamoqqa olindi

Shu yilning sentyabr oyida Sergelida yuz bergan portlashdan so‘ng 4 kishi qamoqqa olindi. Bu haqda hukumat komissiyasi ma’lumotida aytiladi. 

Sergelidagi favqulodda vaziyat sabablarini o‘rganish jarayonida yong‘in boshlangan joy va portlash o‘chog‘i metall va sendvich panellardan qurilgan omborda yuz berganligi aniqlandi. Yong‘in va portlash oqibatida omborning metall konstruksiyalari deformatsiyaga uchrab, qulab tushgan.

Yong‘in sodir bo‘lgan omborxonada katta miqdorda kimyoviy moddalar, qurilish va boshqa mahsulotlar belgilangan talablarga rioya qilinmasdan aralash holda saqlab kelingan.

Hodisa joyidan olingan namunalar asosida o‘tkazilgan kimyoviy tadqiqotlar natijasida poliefirlar, ksilol, uglevodorodlar, natriy gidroksid, vodorod peroksidi, etilen glikol va yuqori molekulyar karbon kislota efirlari kabi kimyoviy moddalar mavjudligi aniqlandi.

Bu moddalar omborxonada saqlanayotgan vodorod peroksidi, alkid smolasi, alkilbenzolsulfon kislotasi, latex, poliefir smolasi, kaustik soda moddalari va lak mahsulotlarining tarkibiy qismlari bo‘lib, yong‘in va portlash xavfi yuqori hisoblanadi.

Hodisa joyi o‘rganilganda aynan vodorod peroksidi saqlangan joy yaqinida gul qog‘ozlar va boshqa yonuvchi materiallar saqlangani aniqlandi.

O‘rganish natijasiga ko‘ra, omborxonada saqlanayotgan kimyoviy modda va materiallarning o‘zaro ta’sirlanishi va kimyoviy o‘z-o‘zidan yonishi yuzaga kelib, portlash sodir bo‘lgan.

Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi «a» va «b» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha 4 nafar shaxsga nisbatan «qamoqqa olish», 1 nafariga nisbatan «garov» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda 28-sentyabr kuni kuchli portlash sodir bo‘ldi.

Ushbu hodisa oqibatida bir o‘smir vafot etdi, ko‘plab uylrga zarar yetdi. Ochilboy Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzildi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring