Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sergey Mironov Markaziy Osiyo borasida keskin talab bilan chiqdi

Sergey Mironov Markaziy Osiyo borasida keskin talab bilan chiqdi

Foto: RF Davlat dumasi matbuot xizmati

Rossiyalik siyosatchi Sergey Mironov Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimini joriy etish kerakligini yana ta’kidladi. «Rossiya 24» telekanali efirida 2025-yil 29-noyabr kuni chiqish qilgan rus siyosatchisi migratsiya tartib-qoidalarini qattiqlashtirish lozimligini aytgan.

«Biz Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza tartibiga o‘tishimiz kerak. Bizda shunday hududlar borki, u yerdan vatandoshlarimiz ko‘chib ketishga majbur bo‘lishgan. Chunki sodda tilda aytsak, “hammayoqni kelgindilar egallab olgan”, ular o‘z odatlari va qonun-qoidalariga ko‘ra yashashadi. Ular hech narsaga e’tibor qaratishmaydi»,degan «Spravedlivaya Rossiya — Za pravdu» («Adolatli Rossiya — Haqiqat uchun») partiyasi yetakchisi Sergey Mironov. 

Rossiyalik deputat Markaziy Osiyo fuqarolariga nisbatan murosasiz pozitsiyasi bilan tilga tushgan. U 2024-yilda O‘zbekistonning Qozon shahridagi konsulxonasi tomonidan urushga bormaslik haqida berilgan ogohlantirishga javoban mamlakatimizga nisbatan viza rejimi joriy etishni talab qilgandi.

Sergey Mironov, shuningdek, Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlarga Rossiya fuqaroligini berishga moratoriy kiritishni taklif qilgan.

«Nega janubdan kelgan mehmonlarga yuz minglab pasport tarqatish kerak? Nima uchun etnik anklavlarni yaratish kerak? Nima uchun bu yangi fuqarolarning ijtimoiy ta’minoti uchun budjet milliardlarini sarflash kerak? Buning Rossiyaga qanday foydasi bor?», — deb yozg‘irgandi u o‘shanda.

Mironov 2023-yilda Ukrainadagi urushda Rossiya tomonidan turib qatnashmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolarining o‘z davlatlarida jinoiy javobgarlikka tortilishini “absurd” deb atagani ortidan ham tanqidga uchragandi.

Sergey Mironov kabi radikal qanotga mansub siyosatchilar Markaziy Osiyo bilan viza tartibini joriy etishni ko‘pdan buyon talab qilib keladi. Ammo Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov markaziy osiyolik mehnat muhojirlariga nisbatan viza tartibini qattiqlashtirishni Moskvaning uzoq muddatli manfaatlariga zid deb atagani ma’lum.

Qolaversa, Rossiya Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolariga viza tartibini joriy etgan taqdirda ham bu hodisa ijobiy ta’sirga ega bo‘ladi, degan qarash ham mavjud.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring