Shahrixonsoydan yosh qizchaning jasadi oqib kelgan: u qo‘shni qirg‘izistonlik bo‘lishi mumkin
Bugun, 14-iyul kuni Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh viloyatida tog‘ va adirliklarida kuzatilgan jala yomg‘irlar yog‘ishi natijasida yirik sel hodisasi kuzatilgan va ushbu suv oqimlari Andijon viloyatining Jalaquduq va Xo‘jaobod tumanlari hududidan oqib o‘tuvchi «Oqbo‘rasoy»da suv-toshqinlarini keltirib chiqargan.
Ushbu toshqinlar bir muddat oldin xabar qilingan Xo‘jaobod va Jalaquduq tumanlari orasidagi ko‘prikning buzilishidan tashqari Xo‘jaobod tumani Yorqishloq qishlog‘ida yana bir ko‘prikni sel oqizib ketdi, piyodalar ko‘prigi qulab vayron bo‘ldi. Bu voqeada jabrlanganlar bo‘lmadi.
Bundan tashqari Andijon viloyati hududidan oqib o‘tuvchi Shahrixonsoydan qiz bola jinsiga mansub 7 yoshlar atrofidagi insonning jasadi topilgan.
«Tezkor o‘rganishlar davomida ushbu hududlar (Jalaquduq va Xo‘jaobod tumani)da bu yoshdagi farzandini yo‘qotgan hech bir oila yoki topilgan shaxsga, shu vaziyatga bog‘liq birorta holat aniqlanmadi», – deyiladi viloyat hokimligi xabarida.
Hokimlik, o‘z navbatida, ushbu shaxsning tanasi toshqin ro‘y bergan qo‘shni respublikadan oqib kelgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilmoqda.
Ma’lumot uchun, avvalroq «24kg» nashri Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh shahridagi dam olish maskanlaridan birida dam olayotgan bir oilaning 4 nafar – ona va uning 3 nafar qizini (eng kichigi 6 yosh) sel oqizib ketgani va ayni damda qidiruv ishlari olib borilayotganini bildirgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter