Sharof Rashidov tumani hokimi va Guliston shahar prokurori o‘rinbosari qo‘lga olindi

Sharof Rashidov tumani hokimi M.Xolbo‘tayev.
DXX tomonidan Jizzaxda hokim, Sirdaryoda prokuror o‘rinbosari qo‘lga olindi.
Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumani hokimligining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha bo‘limi bosh mutaxassisi qurilish sohasida faoliyat yurituvchi MChJ rahbarining ishonchiga kirib, unga tuman hokimining tegishli qarori bilan “Tokchilik” MFY hududida umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosini barpo etish uchun ajratilgan 1,7 gektar yer maydonida 8 ta ko‘p qavatli uylar qurilishiga ruxsat olib berishi evaziga 30 ming AQSh dollari talab qiladi.
Joriy yilning 5-iyul kuni bosh mutaxassis so‘ralgan pul mablag‘idan 10 ming AQSh dollarini olib, tuman hokimiga beradi.
8-iyul kuni esa tadbirkordan qolgan 20 ming AQSh dollarini ham oladi va unga ko‘p qavatli uy qurish uchun hokim tomonidan ruxsat berilgan hujjatlarni taqdim etadi.
So‘ngra bosh mutaxassis hokimiyat binosi oldida tuman rahbari bilan uchrashib, 10 ming AQSh dollarini bergan vaqtida Davlat havfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Hozirda Sh.Rashidov tumani hokimi deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum qilinib, unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi bilan, bosh mutaxassisga esa Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Sirdaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa Guliston shahar prokurori o‘rinbosari o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, Boyovut tumanida qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi MChJ rahbariga nisbatan Boyovut tumani IIB Tergov guruhi ish yurituvidagi Jinoyat Kodeksining 168- va 167-moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llamaslik hamda keyinchalik ishni gumonlanuvchi foydasiga hal qilib berish evaziga 10 ming AQSh dollari miqdorida pora so‘raydi.
Davlat havfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda qonun himoyachisi talab qilingan pul mablag‘ini o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda prokuror o‘rinbosariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 28,211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Har ikki holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter