Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat kuchaytiriladi

Shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat kuchaytiriladi

Parlament Quyi palatasi majlisida jazoni o‘tash muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi aynan jazoni o‘tashdan shartli ozod qilingan shaxslar ustidan samarali probatsiya nazoratini tashkil qilishni takomillashtirishga qaratilgan bo‘lib, u bilan Jinoyat kodeksining 73-moddasiga shartli ozod qilingan shaxslarga belgilangan vaqtlarda nazorat qiluvchi organlarda ro‘yxatdan o‘tib turish majburiyatini yuklash mumkinligi nazarda tutilmoqda. Bu o‘z navbatida, jazodan shartli ozod etilgan shaxslar ustidan tizimli va samarali nazorat o‘rnatish imkonini yaratadi.

Qonun loyihasi bilan Jinoyat-ijroiya kodeksi yangi 28-1-bob bilan to‘ldirilib, unda jazoni o‘tash muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan probatsiya nazoratini amalga oshirish, nazorat talablarini buzgan shaxslarga qo‘shimcha majburiyat yuklash yoki jazoni qayta o‘tattirish, shu jumladan shaxs zimmasidan ayrim majburiyatlarni chiqarish haqida sudga taqdimnoma kiritish tartibi va asoslari belgilanmoqda.

Majlisda qonun loyihasining qabul qilinishi probatsiya tizimining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashi, uning faoliyatini amalda samarali tashkil etish imkonini yaratishi qayd etildi. Bu qadam jamiyatda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolarning qonunga itoatkor munosabatini kuchaytirish va takroriy jinoyatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring