Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev BMTning davlat xizmati bo‘yicha Forumi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi

Shavkat Mirziyoyev BMTning davlat xizmati bo‘yicha Forumi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi

Hurmatli Forum qatnashchilari!

Hurmatli mehmonlar!

Avvalambor, sizlarni Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor o‘tkazilayotgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Davlat xizmati bo‘yicha Forumining ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Forumni dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida joylashgan Samarqand shahrida o‘tkazish borasidagi tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlagani uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Gutterish Janobi Oliylariga alohida minnatdorlik bildirmoqchiman.

Fursatdan foydalanib, BMT tashabbusi bilan dunyoda keng nishonlanib kelayotgan 23 iyun ­– Davlat xizmati kuni bilan barchangizni qizg‘in tabriklayman.

Barchamizga ayonki, bugungi kunda dunyo barqaror rivojlanishga to‘siq bo‘layotgan siyosiy ziddiyatlarning kuchayishi, iqlim o‘zgarishi, tabiiy va inson resurslarining tanqisligi, kibertahdidlar kabi global muammolar bilan to‘qnash kelmoqda.

“2030 yilga qadar 5 yil: Barqaror kelajak uchun xizmat ko‘rsatish jarayonlarini jadallashtirish” mavzuida o‘tkazilayotgan mazkur xalqaro anjuman global taraqqiyotda muhim o‘rin tutadigan davlat boshqaruvi va davlat xizmati tizimini takomillashtirish, uni zamon bilan hamnafas holda yangi bosqichga ko‘tarish, kadrlar salohiyati va ularning faoliyat samaradorligini oshirish, bu borada xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Mazkur tadbirimizda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar, dunyoning turli qit’a va mintaqa davlatlaridan kelgan 400 ga yaqin delegatlar ishtirok etayotgani ham ushbu an’anaviy anjumanning maqomi tobora ortib borayotganini yaqqol ko‘rsatadi.

Hurmatli Forum ishtirokchilari!

Bugungi kunda davlat boshqaruvida raqamli transformatsiyani rag‘batlantirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishning innovatsion yechimlarini qo‘llash, davlat sektori institutlarida samaradorlikni keskin oshirish, liderlik boshqaruv uslubini rivojlantirish, uzluksiz ta’lim olishni kengaytirish va bo‘lajak rahbarlar uchun zarur ko‘nikmalarni belgilash bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish har qachongidan ham dolzarb ahamiyatga egadir.

Dunyoga tobora ochilayotgan, jadal islohotlar yo‘lidan borayotgan va ilg‘or xalqaro tajribani keng tatbiq etayotgan, “davlat – xalq uchun” tamoyiliga qat’iy amal qilib kelayotgan Yangi O‘zbekiston davlat xizmati sohasida global o‘zgarishlarning ajralmas bir qismiga aylanayotganini alohida ta’kidlashni istar edim.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat xizmatini chinakamiga inklyuziv xalq xizmatiga aylantirish bo‘yicha tizimli islohotlarni olib bormoqdamiz. Jumladan, xalqaro ekspertlar bilan birgalikda “Davlat fuqarolik xizmati” to‘g‘risidagi qonun tayyorlandi.

Islohotlarning har bir xonadonga qadar kirib borishi uchun “mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi, manzilli ko‘mak va ijtimoiy himoya instituti kuchaytirildi, xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga yetib, mamlakatimiz bu borada mintaqada yetakchi o‘rinni egalladi. 700 dan ziyod davlat xizmatlari “yagona darcha” tamoyili asosida onlayn platformalar orqali amalga oshirilmoqda.

Davlat xizmati va boshqaruvi jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish natijasida O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining elektron hukumatlar rivojlanish darajasi bo‘yicha global reytingida 24 pog‘onaga, Sun’iy intellektga tayyorlik bo‘yicha xalqaro indeksda so‘nggi bir yil ichida 17 pog‘onaga ko‘tarildi.

Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish maqsadida zamon talablariga mos iqtidorli mutaxassislarni jalb qilish va professional davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish bo‘yicha kadrlar tayyorlash klasterini tashkil etdik.

Institutsional salohiyatni oshirish va inson kapitaliga sarmoya kiritishga ko‘maklashish uchun xalqaro tajriba asosida endaument imkoniyatlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu bois, sizlarni O‘zbekistonda davlat xizmatida raqamli transformatsiya bo‘yicha Global bilim markazini ochish, xalqaro Yosh yetakchilar maktabini tashkil etish kabi global tashabbuslarimizni qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz.

Bu tashabbuslar Hukumatlar, novatorlar va rivojlanish bo‘yicha sheriklar o‘rtasida almashuvlarni faollashtirish, kelajak avlod davlat xizmatchilarini tarbiyalash, boshqaruvda va kundalik hayotda raqamli vositalardan keng foydalanish, davlat sektorida innovatsiyalarni joriy etish uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

Bunday muhim tashabbus va takliflar Forum doirasida qabul qilinadigan Samarqand deklaratsiyasida o‘zining to‘liq ifodasini topishiga, mazkur muhim hujjat hammamiz uchun inklyuziv, barqaror va inson manfaatlariga yo‘naltirilgan davlat xizmatiga erishish yo‘lida birgalikda harakat qilish bo‘yicha o‘ziga xos dasturilamal bo‘lishiga ishonaman.

Fursatdan foydalanib, bu ezgu yo‘lda barchangizga ulkan kuch-g‘ayrat va omadlar, Forum ishiga muvaffaqiyat tilayman.

Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring