Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Buvaydaga bordi

Shavkat Mirziyoyev Buvaydaga bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida qurilgan mebelsozlik majmuasini borib ko‘rdi.

Buvaydada ko‘pchilik usta duradgor. Oilalar o‘z uyida eshik-romlar tayyorlab sotadi. Ularning mahsulotlari Farg‘ona vodiysidan tashqari Toshkent shahri, uzoq viloyatlargacha yetkazib beriladi.

Lekin hovlida sharoitlar yetishmasdi. Ob-havo, shovqin noqulaylik tug‘dirardi. Buvaydalik hunarmandlarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida mahallada mebelsozlikka ixtisoslashgan majmua barpo etildi.

Davlat rahbari bu yerdagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Bir qavatli binolarda ishlab chiqarish ustaxonalari, ikki qavatli binolarda savdo, ko‘rgazma va maishiy xizmat xonalari joylashgan.

Prezident yangi binoda ish boshlagan hunarmandlar bilan suhbatlashdi.

— Bular bu kunga mashaqqat bilan kelgan. Endi har kuni ishlashga ham tayyor. Faqat buning uchun barqaror xomashyo va bozor kerak. Davlat shu jihatdan yordam bersa, hunarmandlarning ishi yurishadi, shogirdlari ko‘payadi, daromadi oshadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda mebelbop daraxtlar yetishtirish, qayta ishlangan yog‘och mahsulotlar tayyorlashni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Majmuada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni ichki bozordan tashqari Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘izistonga eksport qilish rejalashtirilgan. Majmua to‘liq ishga tushgach, 3 ming 700 dan ziyod kishining bandligi ta’minlanishi mo‘ljallangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring