Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Chilonzorda. Tuman iqtisodiy jihatdan qanday o‘zgarmoqda?

Shavkat Mirziyoyev Chilonzorda. Tuman iqtisodiy jihatdan qanday o‘zgarmoqda?

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi sanoat hududida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.

Mazkur hudud Beshqo‘rg‘on va Tirsakobod mahallalari hududida joylashgan bo‘lib, 320 gektar maydonni egallagan. Kichik sanoat zonasi maqomidagi ushbu majmua Prezidentning 2023 yil 3 iyuldagi qarori asosida tashkil etilgan. Unga muvofiq, transport, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l infratuzilmasining yaxshilangani sanoat va tadbirkorlik rivojiga zamin yaratdi. 

Bu yerda xalqaro standartlarga muvofiq energiya tejamkor, ekologik xavfsiz ishlab chiqarish quvvatlari barpo etildi. Hozirgi kunda bunday korxonalar soni 531 taga yetdi. Ularda yaratilgan ish o‘rinlari soni esa 20 mingtaga yaqinlashdi. Yillik ishlab chiqarish salohiyati ham kam emas – 6 trillion 800 million so‘m. Joriy yilda hududdagi 50 ta korxonada 180 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi. Ilgari Chilonzorda hech qachon bunday ko‘rsatkichlar bo‘lmagan.

Davlatimiz rahbari ushbu hududdagi “Tarleplast” korxonasida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi. 

Ushbu loyihaning umumiy qiymati 25 million dollar. Korxonaga Yevropaning yetakchi kompaniyalaridan 12 turdagi zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Natijada bu yerda yiliga 90 ming tonna temir quvur va po‘lat profillar ishlab chiqarish imkoni yaratildi. Bu mahsulotlarni pulga chaqqanda 900 milliard so‘m degani. Korxonada 120 ga yaqin kishi doimiy ish bilan ta’minlandi.

Ahamiyatlisi, yuqori bosimga va tashqi ta’sirlarga chidamli quvurlar turi, hajmi va narxi bo‘yicha raqobatbardosh. Buning tasdig‘ini o‘tgan yili 4 million dollarlik mahsulot Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston kabi mamlakatlarga eksport qilinganida ham ko‘rish mumkin. Endi sotuv geografiyasini yanada kengaytirish mo‘ljallangan.

Davlatimiz rahbari mazkur industrial hududda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi. Yaqin istiqboldagi sanoat loyihalari taqdimot qilindi. 

Jumladan, ko‘p qavatli ishlab chiqarish binosi va monomarkaz tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Buning natijasida hududda yana 100 ta yangi loyiha amalga oshiriladi, qo‘shimcha 3 mingta ish o‘rni yaratiladi. Loyihalar qurilish, farmatsevtika, elektrotexnika, poligrafiya, avtomobilsozlik, tikuv-trikotaj va qandolatchilik kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.

Prezidentimiz tadbirkorlar bilan suhbatlashdi. Qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlash, ish o‘rinlarini ko‘paytirish hamda xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Chilonzor tumanidagi industrial hududda joylashgan “Eman materials” korxonasida bo‘ldi.

Bugun dunyodagi iqtisodiy tebranishlar sharoitida, avvalo, ichki imkoniyatlardan foydalanish, eng ko‘p ish o‘rni yaratadigan sohalarni himoyalash zarurati tug‘ilmoqda. Mamlakatimizda to‘qimachilik, qurilish materiallari, mebelsozlik ana shunday sohalar sirasiga kiradi. Ularda bir million nafarga yaqin aholi ishlamoqda.

Jumladan, mebelsozlikka ixtisoslashgan 7 ming 500 ta korxona faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yilning o‘zida 920 ta yangi korxona ochilgan. Sohada 6 trillion 700 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlanib, 20 million dollarlik mebel eksport qilingan.

Xorazm viloyatining Xonqa tumani tajribasi asosida boshqa joylarda ham mebelchilik markazlari tashkil etilmoqda. Sohadagi tadbirkorlarning chet eldan xomashyo, furnitura va aksessuar olib kelishi, eksport bozorlariga chiqishi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Chilonzor tumanidagi industrial hududda mebelsozlikka ixtisoslashgan o‘nga yaqin shirkat bor. “Eman materials"  korxonasi tashabbuskorning 10 million dollar mablag‘i evaziga tashkil topgan. Bu yerda yiliga 10 ming tonna furnitura va mebelsozlik buyumlari ishlab chiqarilmoqda. Ular kooperatsiya asosida yurtimizdagi minglab korxonalarga yetkazib berilyapti. Endi eksportga chiqarish ham rejalashtirilgan.

Korxonada 200 kishi ish bilan ta’minlangan. Ahamiyatlisi, shu yerning o‘zida mebelsozlik o‘quv markazi ham tashkil etilgan. Buning uchun Italiya va Turkiya kabi davlatlardan mutaxassislar jalb qilingan.

Shuningdek, korxona tomonidan buyurtma asosida mebel ishlab chiqarish, loyihalashtirish, kesish, uskunalarni ta’mirlash kabi qo‘shimcha xizmatlar ham ko‘rsatiladi.

Majmuada ko‘rgazma zali ham tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda poytaxtdagi nomdor – brend mahsulotlar bir joyga jamlangan. Bu tizim sotuvchi, xizmat ko‘rsatuvchi va oluvchiga qulaylik yaratmoqda.

Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirib, mutaxassislar bilan suhbatlashdi. Mebelsozlik tarmog‘ida mahalliylashtirish va qo‘shilgan qiymat yaratish bo‘yicha hali foydalanilmagan juda ko‘p imkoniyat borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu yerda Chilonzor tumanida tashkil etilgan “Islohotlar shtabi” faoliyati haqida axborot berildi. Aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan yangi takliflar va kutilayotgan natijalar ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, tumanda joriy yil boshida kambag‘allik darajasi 7 foizdan yuqoriroq bo‘lgan bo‘lsa, birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha bu raqam 2,2 foizga tushgan. Manzilli rejaga ko‘ra, tumanni yil yakuniga qadar kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilingan. Buning uchun oilalar imkoniyatini yuzaga chiqarish, mikroloyihalarni amalga oshirish, yangi tadbirkorlik sub’yektlarini tashkil qilish, norasmiy ish o‘rinlarini qonuniylashtirish choralari ko‘riladi.

Prezident aholi bandligiga qaratilgan tashabbuslarni hamisha qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Investitsiyalarni jalb etib, imkoniyatlarni loyihaga aylantirish, kichik korxonalar faoliyatini kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Iqtisodiyot va investitsiya sohalari mas’ullariga tadbirkorlar bilan doimiy uchrashib, muammolarini hal etish, takliflarini yuzaga chiqarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring