Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Yevropa kengashi prezidenti bilan muloqot qildi

Shavkat Mirziyoyev Yevropa kengashi prezidenti bilan muloqot qildi

Bugun, 4 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel bilan telefon orqali muloqot qilgan. Unda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Suhbatda Qoraqalpog‘istondagi vaziyatning ba’zi buzg‘unchi kuchlar tomonidan izdan chiqarilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi alohida qayd etilgan. Sharl Mishel jinoiy unsurlar tomonidan uyushtirilgan tartibsizliklar natijasida qurbon bo‘lganlarning oilalari va yaqinlariga hamdardlik so‘zlarini yetkazishni so‘ragan.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va YeI o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning tayyorlanishini yakuniga yetkazish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.

«Preferensiyalar bosh tizimi plyus» afzalliklaridan foydalangan holda o‘zaro savdo va investitsiyalarni ko‘paytirish muhimligi ta’kidlangan.

Tomonlar amaliy hamkorlikning aniq dastur va loyihalarini, eng avvalo, «yashil iqtisodiyot», raqamlashtirish, innovatsiyalar, logistika, qishloq xo‘jaligi, ekologiya, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida ilgari surish masalalariga alohida to‘xtalganlar.

Markaziy Osiyo mintaqasida yuzaga kelayotgan vaziyat hamda YeI tuzilmalari bilan ko‘p tomonlama muloqotning darajasini yanada yuksaltirish yuzasidan fikr almashilgan.

O‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, shuningdek, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, shu jumladan, Afg‘onistonda mustahkam tinchlik qaror topishiga ko‘maklashish va uning xalqiga qo‘ldan kelgancha yordam ko‘rsatishga qaratilgan yirik xalqaro tadbirlarni tashkil etish masalasi qo‘llab-quvvatlangan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev avvalroq Qozog‘iston va Qirg‘iziston prezidentlari bilan ham telefon orqali muloqot qilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring