Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev: «Mana, ishning ko‘zini bilsa, katta daromad olish mumkinligiga misol»

Shavkat Mirziyoyev: «Mana, ishning ko‘zini bilsa, katta daromad olish mumkinligiga misol»

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangiariq tumanidagi «Global Food Impeks» mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan tashkil etilgan zamonaviy issiqxonani ko‘zdan kechirdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, «Global Food Impeks» mas’uliyati cheklangan jamiyat uchun ajratilgan maydon 23 gektardan ziyod. Birinchi bosqichda 10 gektar yerda issiqxona qurilgan. 140 kishi ish bilan ta’minlangan.

Ahamiyatlisi shundaki, ilgari bu joy sho‘r bosgan, qarovsiz yer edi. Endi shu zaminning har gektaridan yiliga 300-400 ming dollar miqdorida daromad olinadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Masalan, pomidor va bodring ko‘chatlari shu yil yanvarda hosilga kirdi. O‘tgan qisqa vaqtda 480 ming dollarlik eksport qilindi. Yil oxirigacha 4-5 million dollarlik mahsulot sotish mo‘ljallangan.

Joriy yilda 13 gektar maydonda issiqxonaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish hamda avgust oyida ishga tushirish mo‘ljallangan. Korxona to‘liq quvvatda ishlaganda yiliga 4 ming tonna pomidor va bodring, shuningdek, qulupnay, gullar va boshqa mahsulotlar yetishtiriladi, jami 280 ta ish o‘rni tashkil etiladi. Mahsulotlarning 80 foizini qo‘shni davlatlar, Rossiya va Turkiyaga eksport qilish rejalashtirilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

— Qishloq xo‘jaligida ilm, yangicha dunyoqarash paydo bo‘ldi. Mana, ishning ko‘zini bilsa, katta daromad olish mumkinligiga misol. Xorazmda yer sho‘rlangan. Shunday joylarda zamonaviy issiqxonalarni ko‘paytirish, 100-200 gektarga yetkazish kerak. Ham odamlarga ishchi joy, ham eksport bo‘ladi, — dedi davlatimiz rahbari.

Issiqxona detallarini mahalliylashtirish, bozor talabidan kelib chiqib qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shu yerda viloyatda meva-sabzavotchilik, tomorqachilik, chorvachilik, baliqchilikni rivojlantirishga oid loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring