Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatining investitsiya loyihalari bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-mart kuni Sirdaryo viloyatining investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Joriy yil uchun mazkur viloyatda 737 ta loyiha shakllantirilgan. Ularning umumiy qiymati 25 trillion 500 milliard so‘m bo‘lib, shundan qariyb 900 million dollarini xorijiy investitsiyalar tashkil etadi. Loyihalar natijasida yiliga 11 trillion so‘mlik ishlab chiqarish quvvati, qariyb 36 ming ish o‘rni yaratish maqsad qilingan. Yana bir muhim tomoni, yangi korxonalar 326 million dollarlik mahsulot eksport qilish, 124 million dollarlik import o‘rnini bosish imkonini beradi. Loyihalarni shakllantirishda to‘qimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati «drayver» sifatida belgilab olingan.
Sirdaryo viloyatida 200 ming tonnadan ziyod paxta yetishtiriladi. Davlatimiz rahbarining qayta ishlashni chuqurlashtirish, xomashyoni qo‘shilgan qiymatli mahsulotga aylantirib sotishga qaratilgan siyosati natijasida bu boradagi ko‘rsatkichlar o‘sib bormoqda. Xususan, 2020-yilda viloyatda mahalliy xomashyodan trikotaj mato tayyorlash darajasi 70, kiyim-kechak ishlab chiqarish darajasi 75 foiz bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda bularni 100 foizga yetkazish mo‘ljallangan.
To‘qimachilik sohasida amalga oshiriladigan 29 ta loyiha bunday muhim o‘rin tutadi. Ularning samarasida qariyb 818 milliard so‘mlik ishlab chiqarish quvvati tashkil etilib, qo‘shilgan qiymat 2,5 barobar ortadi. 6 ming 600 dan ziyod ish o‘rni yaratiladi.
Qurilish materiallari sanoatida 16 ta loyiha rejalashtirilgan. Masalan, Yangiyer shahrida kafel, Sayxunobod tumanida gazoblok, Xovos tumanida gipsokarton ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Barcha korxonalarni shu yil ishga tushirib, 2 mingga yaqin kishining bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Oziq-ovqat tarmog‘ida meva-sabzavotlarni qayta ishlash, mosh yetishtirib, eksport qilish, baliqchilik klasteri tashkil etish kabi 51 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bularning natijasida bozorga arzon va sifatli mahsulotlar chiqarilib, narx-navo barqarorligiga hissa qo‘shiladi. 3 ming 500 ga yaqin kishining bandligi ta’minlanadi.
Farmatsevtika sohasidagi 9 ta loyihaning ham samaradorligi yuqori. Guliston shahri va Sirdaryo tumanida foydalanishga topshiriladigan korxonalarda infuzion eritmalar, tabletkalar va boshqa tibbiy vositalar ishlab chiqariladi.
Davlatimiz rahbari Mirzaobod tumanida Gujarat sanoat zonasini tashkil etish loyihasiga alohida ahamiyat qaratdi. Oliy darajadagi kelishuvlar natijasi bo‘lgan ushbu majmuada iqtisodiyot talab etayotgan muhim loyihalar joylashtirilmoqda. Xususan, u yerda tomchilatib sug‘orish va issiqxona jihozlari, qishloq xo‘jaligi texnikasi agregatlari va minitexnikalar, plastmassa buyumlar, trikotaj, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 8 ta korxona bo‘ladi. Ularda 1 ming 600 dan ziyod kishi ishlaydi. Yiliga 25 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.
Bugungi kunda mazkur sanoat zonasi uchun 40 gektar yer ajratilgan. Uni tashkil etishga 100 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etilishi belgilangan. Korxonalar 2021-2023-yillarda birin-ketish ishga tushiriladi.
Prezident loyihalar ijrosida sifat va muddatga alohida e’tibor qaratish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi. Sirdaryo viloyatining Toshkent shahriga yaqinligi, temir yo‘l infratuzilmasidan foydalanib, logistikani rivojlantirish, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
Taqdimotda, shuningdek, aholini kambag‘allikdan chiqarish, yoshlar va ayollar bandligini oshirish borasidagi ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter