Shavkat Mirziyoyev tovon puli bermasdan mulk buzishni taqiqladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 iyul kuni kichik biznes va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda prezident tadbirkorlarning bino-inshootlarini buzish va buning uchun kompensatsiya to‘lash borasida tizimli yondashuv yo‘qligini tanqid qildi.
– Barcha hokimlarni qat’iy ogohlantiraman – asosli zarurat bo‘lmagan holda tadbirkorlarga tegishli mol-mulkni buzishga umuman yo‘l qo‘yilmasligi zarur va shart, – dedi davlat rahbari.
Aholi punktlarini istiqbolda rivojlantirish rejalarini hisobga olmasdan, katta hududlarda joylashgan inshootlar buzib yuborilayotgani oqibatida juda ko‘p miqdorda kompensatsiya to‘lovlari kelib chiqmoqda.
Hokimliklar buziladigan binolarning o‘rnida yangi korxonalarni qurish bo‘yicha investorlarni topib, kompensatsiya to‘lovini ularning hisobidan olishi kerak. Shuni qilolmagani uchun xarajatlar davlat budjeti zimmasiga tushmoqda, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Bugungi kun mavzusi bu yig‘ilishda ham e’tiborsiz qolib ketmadi. Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari bir tadbirkorning mol-mulkini hech qanday ogohlantirishsiz va kompensatsiyasiz buzmoqchi bo‘lgani rosa shov-shuv bo‘ldi.
Adliya vazirligining aytishicha, buzish ishlarini amalga oshirishda 600 mlrd. so‘mdan ortiq kompensatsiyalar to‘lab berilgan. Ammo Toshkent shahri, Toshkent, Farg‘ona, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida buzilgan joylar uchun tovon to‘lash bo‘yicha 300 mlrd. so‘mga yaqin qarzdorlik bor.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter