Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev xalqqa murojaat qildi

Shavkat Mirziyoyev xalqqa murojaat qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvida so‘zlagan nutqining oxirida xalqqa murojaat qilgan.

«Aziz yurtdoshlar, bugun notinch dunyoda, o‘ta tahlikali zamonda yashayapmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotida g‘oyat mas’uliyatli davrni boshdan kechirmoqdamiz.

Yangi O‘zbekistonni barpo etish maqsadida boshlagan barcha islohotlarimiz har birimizning bugun va kelajakda farovon hayot kechirishimizni ta’minlashga qaratilgan.

Har bir yurtdoshimiz o‘z hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururini ulug‘lab, Vatani va xalqiga tog‘dek tayanch bo‘lib yashashga qodir, erkin va azmu shijoatli insonlardir.

Shu bois barchamiz Konstitutsiyaga kiritish taklif etilayotgan yangi norma va qoidalarni ongu tafakkurimiz, qalbimizdan o‘tkazib, ularga xolis va haqqoniy munosabatimizni bildirishimiz lozim.

Barchamiz Asosiy qonunimizda o‘zimizni, oilamizni, mahallamizning orzu-umidlarini ko‘rishga intilayotganimiz – bu tabiiy va mutlaqo to‘g‘ri.

O‘ylaymanki, Konstitutsiyaga kiritiladigan barcha tuzatish va qo‘shimchalar mamlakatimizning 14 ta hududiy birligidan iborat yagona davlatni, millati va elatidan qat’i nazar, yagona va qudratli O‘zbekiston xalqini yanada jipslashtiradi hamda ulug‘vor maqsadlar sari safarbar etadi.

Shu bois barcha aziz vatandoshlarimizni konstitutsiyaviy islohot jarayonida yanada faol qatnashishga chaqiraman.

Hech qachon unutmaylik, bu jarayondagi ishtirokimiz bilan o‘zimiz, oilamiz, farzandlarimiz mana shu muqaddas zaminda yanada erkin va farovon yashashi uchun mustahkam poydevor yaratamiz.

Qadrli vatandoshlarim!

Sizlarni ishontirib aytmoqchiman, davlatimiz yangilanayotgan Konstitutsiyamiz moddalarini hayotda to‘la qaror toptirish uchun barcha kuch va vositalarni safarbar etadi.

Bu yangiliklar aniq qonun va kodekslar, amaliy dasturlar va rejalar bilan hayotimizda albatta o‘z aksini topadi. Har bir konstitutsiyaviy norma ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy-huquqiy chora-tadbirlar ko‘riladi.

Biz ishlashga – ishi, yashashga – uyi bo‘lgan, fuqarolari tinch va erkin, hayotdan mamnun, dasturxoni to‘kin, oilasi baxtiyor va farovon yashaydigan davlat qurishni maqsad qilganmiz.

Biz ana shunday buyuk ishlar arafasida turibmiz. Kuchli iqtisodiyot barpo etib, dunyoda munosib o‘rnimizni egallashimiz, xalqimizga yuksak sharoitlar yaratish uchun ham juda ko‘p ishlarni birgalikda amalga oshirishimiz kerak.

Betakror yurtimizda barqaror jamiyatni va bardavom taraqqiyotni ta’minlash – barchamizning bosh maqsadimizdir!

Men butun xalqimizni ana shu buyuk maqsadga erishishda o‘zaro birdamlikka va hamjihatlikka chaqiraman.

Xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yorqin ifodasi bo‘ladigan yangilanayotgan Konstitutsiyamizga tayanib, Yangi O‘zbekistonni albatta birgalikda barpo etamiz.

Oradan yillar, asrlar o‘tadi, lekin g‘oyat murakkab sharoitda bunday ulkan islohotlarni amalga oshirishga munosib hissa qo‘shgan insonlarni kelgusi avlodlar hech qachon unutmaydi.

Ana shunday buyuk baxt va sharaf barchamizga yor bo‘lsin!», degan prezident so‘zining yakunida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring