Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev XXR Kompartiyasidan iborat delegatsiyani qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev XXR Kompartiyasidan iborat delegatsiyani qabul qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-aprel kuni Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Lyu Szyanchao boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Yuqori martabali mehmon davlat rahbariga Xitoy Raisi Si Szinpinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va amaliy sheriklikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston-Xitoy do‘stlik va barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi barqaror oshib bormoqda, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida yetakchi kompaniyalar ishtirokidagi qo‘shma loyiha va korxonalar soni ko‘paymoqda.

«Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston» temir yo‘lini qurish loyihasi bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Faol hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuv yuqori baholandi. Joriy yilda navbatdagi Hududlar forumi va Ta’lim forumi bo‘lib o‘tadi.

Parlamentlararo va partiyalararo hamkorlikni, ayniqsa, kambag‘allikni qisqartirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, raqamlashtirish va sanoatlashtirishni jadallashtirish kabi sohalarda yanada kengaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Oliy va professional ta’lim sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, mamlakatimizda Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalari filiallarini ochish muhimligi qayd etildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring