Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev yangilanayotgan Konstitutsiya haqida gapirdi

Shavkat Mirziyoyev yangilanayotgan Konstitutsiya haqida gapirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yoshlar kuni tadbirida nutq so‘zlagan O‘zbekiston prezidenti shu kunlarda umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan Konstitutsiya, uni takomillashtirish bo‘yicha juda muhim siyosiy islohotlar amalga oshirilayotgani haqida so‘zladi.

«Biz «Betakror yurtimizda barqaror jamiyatni va bardavom taraqqiyotni ta’minlash – barchamizning bosh maqsadimizdir!» shiori ostida islohotlarimizning yangi davrini boshlamoqdamiz.

Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida yoshlar bilan ishlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni islohotlarimizning bosh mezonlaridan biri sifatida belgiladik.

Shu kunlarda Konstitutsiyamizni umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqib, uni takomillashtirish bo‘yicha juda muhim siyosiy islohotlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada kelib tushgan taklif va tashabbuslarning 70 foizdan ortig‘i aynan yoshlarimiz tomonidan bildirilgani meni juda quvontirdi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Albatta, yangilanayotgan Konstitutsiya, bu — sizlarning Konstitutsiyangiz!

Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ham yoshlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Shu munosabat bilan sizlarga, butun mamlakatimiz yoshlariga murojaat qilib aytmoqchiman:

Hech qachon unutmang, sizlar inson har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan, Yangi O‘zbekistonni hamda Uchinchi Renessansning bunyodkorlarisiz.

Ana shunday sharafga munosib bo‘lish yo‘lidagi intilishlaringiz va hayotda o‘z o‘rningizni topishingiz uchun bundan keyin ham bor kuch va imkoniyatlarni to‘liq safarbar etamiz.

Men Prezident sifatida sizlar o‘z oldingizga qo‘ygan reja va marralarga erishishingiz uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyor ekanimni bugun yana bir bor ta’kidlamoqchiman.

Bugun sizlarning yonib turgan ko‘zlaringiz, shodlikka to‘la go‘zal chehrangizga qarab, akademik shoirimiz G‘afur G‘ulomning:

Siz axir osmonni olmoq bo‘lsangiz,

Ne uchun yelkamni tutib bermayin?

— degan otashin satrlari yodimga tushmoqda».

«Men siz, aziz farzandlarimdan bir narsani so‘rayman: tinimsiz o‘qib, zamonaviy bilimlarni egallashdan, ko‘nglingizdagi ezgu maqsadlar sari harakat qilishdan, hech qachon to‘xtamang!

Qoraqalpog‘istondan Andijongacha, Surxondaryodan Toshkentgacha – barcha hududlardagi yoshlarimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek buyuk maqsadimiz yo‘lida bir tanu bir jon bo‘lib, dadil olg‘a intilishlari kerak.

Men sizlarning bu yo‘lda marrani baland olib, yagona kuch bo‘lib, harakat qilishingizga ishonaman!

Sizlar bunga albatta qodirsiz!

Men sizlarga ishonaman va  sizlar bilan faxrlanaman, aziz bolalarim!

Fursatdan foydalanib, barchangizni bugungi unutilmas bayramingiz bilan yana bir bor tabriklayman.

Sizlarga mustahkam sog‘liq, tuganmas kuch-g‘ayrat, ulkan yutuq va zafarlar tilayman», — dedi Prezident so‘zining yakunida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring