Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sherzod Shermatov: «O‘qituvchilarning oyligini bir necha foiz emas, bir necha baravar oshirish zarur!»

Sherzod Shermatov: «O‘qituvchilarning oyligini bir necha foiz emas, bir necha baravar oshirish zarur!»

Foto: «Xabar.uz»

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov o‘zining «Facebook»dagi sahifasida o‘qituvchilarning maoshi kamligi haqida so‘zladi.

«Markazlashgan mablag‘larni real sektorning o‘rniga aynan ta’limga sarmoya qilish kerak!

Prezidentimiz tomonidan jamiyatda o‘qituvchilarning obro‘sini oshirish bo‘yicha aniq topshiriq berildi. Hozirda tegishli hujjatlar loyihalari tayyorlanmoqda.

Hozirgi vaqtda afsuski respublika miqyosida 11 mingdan ortiq o‘qituvchilik lavozimlarida vakansiyalar mavjud va 66 ming nafardan ortiq oliy ta’lim diplomiga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar maktablarda faoliyat yuritishmoqda. Ular orasida erkak o‘qituvchilar ulushi 30 foizdan kam ekan. Toshkent shahrida esa bu ko‘rsatkich atigi 10 foizni tashkil etadi!

Bu muammolarning asosiy sababi maktab ta’limi tizimidagi xodimlarning oylik maoshlarining o‘ta past ekanidir. Oxirgi uch yillikni sarhisob qiladigan bo‘lsak, umumiy o‘rta ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning oylik maoshlari eng past bo‘lib, o‘sish sur’ati ham boshqa soha vakillari maoshlariga solishtirganda ancha past bo‘lgan. Natijada 2016 yilda maktab ta’limi sohasidagi o‘rtacha oylik Moliya sohasinikiga nisbatan atigi 48 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bu yilga kelib 42 foizgacha kamayganini ko‘rish mumkin.

Shuningdek, joylarda maktab ta’limi tizimi xodimlariga majburiy obuna (200 tadan ortiq gazeta-jurnallarga), turli xil tadbirlarga majburiy chiptalar sotish, maoshidan yana boshqa turli xil majburiy ushlanmalarni olib qolinishi natijasida o‘qituvchilarning shundoq ham kam bo‘lgan oylik maoshlari undanda kamayib ularning qo‘ligacha yetib borayapti.

Keyin esa hayron bo‘lamiz: nega ta’limda ota-onalardan turli xil yig‘imlar ko‘paygan, ta’lim tizimi sifati tushib ketgan, bolalarning tarbiyasi yomonlashayapti, ularni orasida jinoyat ortayapti, o‘z joniga suiqasd qilish hollari ko‘paymoqda deb...

Hamma o‘z ishi bilan ovora bo‘lib, farzandlarini asosiy vaqtini maktabda o‘tkazishini inobatga olsak, aynan maktabda yaxshi bilim va tarbiya olgan bolalar kelgusi hayotida muvaffaqiyatga erishish imkoni kengroq bo‘lishini tushunib yetishimiz kerak. Yaponiya, Singapur, Koreya kabi davlatlarning rivojlanishining siri ham aynan o‘qituvchilarning oylik maoshlari yuqori qilib belgilangani va har bir o‘qituvchi o‘rniga o‘nlab talabgorlar borligidadir.

Shu fursatdan foydalanib, hurmatli moliyachilarimizdan Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan ushbu vazifaning yechimiga bu safar boshqacha yondashishlarini, avvalgidek turli bahonalar topish emas, balki qo‘yilgan vazifani ijobiy yechish yo‘llarini topishga harakat qilishlarini so‘rab qolamiz.

Ta’lim sohasidagi holatni haqiqiy o‘zgartirish uchun Xalq ta’limi vazirligi tizimi xodimlarining oylik maoshlarini bir necha foiz emas, balki bir necha barobar oshirish zarur! Bu o‘z navbatida joylardagi iste’mol talabining ko‘payishi hamda iqtisodiyotda faollikning oshishiga turtki bo‘ladi», — deydi Sherzod Shermatov.

Uning fikricha, Davlat aynan ta’limga asosiy sarmoya kiritishi, boshqa sohalarga esa xususiy sektor sarmoya kiritishiga sharoit yaratishi kerak.

«Davlat ishlab chiqarishda yomon boshqaruvchi ekanligini yillar davomida samarasiz bo‘lgan milliardlab dollarlik markazlashgan manbalar hisobidan amalga oshirilgan investitsiya loyihalari misolida ko‘rsa bo‘ladi.

Shunday ekan avvalgi xatolarni qaytarmasdan, balki inson kapitaliga investitsiya kiritish to‘g‘riroq bo‘ladi.

Yoshlarimizni bilim olishga qiziqishlari ortishi uchun ular hayotda o‘qituvchilari boshqa soha vakillaridan ko‘ra ancha yaxshi yashayotganini ko‘rishlari shart! Lekin hozir joylarda o‘rtacha o‘qituvchining sharoiti bilan o‘rtacha moliyachining sharoitini solishtirib bo‘larmikin...», — deb yozadi vazir.

Shuningdek, postga O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi to‘g‘risida ma’lumot ham ilova qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring