Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

ShHT sammiti boshlandi. Unda Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi

ShHT sammiti boshlandi. Unda Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

Sindao shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlari kengashining o‘n sakkizinchi majlisi boshlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlat rahbarlari dastlab tor doirada uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

Majlisni Xitoy raisi Si Szinpin ochdi.

Sammitda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Xitoyning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi davrida samarali ishlar amalga oshirilganini qayd etdi.

«Ko‘rkam Sindao shahrida o‘tayotgan ushbu sammit «Shanxay sakkizligi» rahbarlarining ilk uchrashuvi sifatida tarixda qoladi. Bu chuqur ma’noga ega, chunki aynan «8» raqami xitoy xalqida omad va taraqqiyotni anglatadi. Tashkilotimiz qisqa davrda bir yarim milliard odamga ko‘paydi, uning iqtisodiy va intellektual salohiyati salmoqli darajada kengaydi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari ShHTning mintaqaviy va global siyosatni shakllantirish, Yevroosiyo qit’asi xavfsizligi va barqaror taraqqiyotini ta’minlashning muhim mexanizmi sifatidagi roli kuchayib borayotganini ta’kidladi. Hindiston va Pokistondek qudratli davlatlarning ShHT faoliyatida to‘la huquqli a’zo sifatida qatnashishi keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishini qayd etdi.

Tashkilotning asosiy maqsadlariga erishish Markaziy Osiyoning barqarorligi va farovonligiga bevosita bog‘liq. O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi va siyosiy irodasi bilan qisqa vaqtda bu mintaqadagi o‘tkir muammolar, jumladan, chegara, savdo, transport va suvdan foydalanish masalalari hal etildi.

Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashning muhim shartlaridan yana biri Afg‘onistonda tinchlikka erishish, uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish bo‘lib qolmoqda. Bu masala ham O‘zbekiston rahbariyatining doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Yaqinda Toshkentda o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya ham mojaroni tinchlik yo‘li bilan hal etish yo‘lida muhim muloqot maydoni bo‘ldi.

«Afg‘onistondagi tinchlik — mintaqadagi barqarorlik va taraqqiyot omili ekanligini juda yaxshi anglaymiz. Ishonchim komil, «ShHT — Afg‘oniston» muloqot guruhi doirasida biz mazkur mamlakatning tinch taraqqiyotini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shishga qodirmiz», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

Majlisda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni har tomonlama kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Prezident bu ulkan mintaqada savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, transport va logistika imkoniyatlarini oshirish, madaniy-gumanitar munosabatlarni mustahkamlash, yoshlarni ekstremizm g‘oyalaridan himoyalash va boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring