Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shimoliy Koreya hakerlari rekord darajada mablag‘ o‘mardi

Shimoliy Koreya hakerlari rekord darajada mablag‘ o‘mardi

Foto: The Korea Times

2022-yil davomida Shimoliy Koreya hukumati nazoratidagi hakerlar bir milliard dollar miqdoridagi mablag‘larni o‘marishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Reuters agentligi BMT hisobotiga tayangan holda xabar berdi.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, kiberjinoyatchilar shu qadar mahorat bilan harakat qilganki, o‘g‘irlangan virtual mablag‘ va kriptovalyutalarni kuzatish qiyin kechgan. Kiberhujumlar Shimoliy Koreya bosh razvedka idorasi nazoratidagi hakerlar guruhi tomonidan amalga oshirilgan.

«So‘nggi oylarda kriptovalyutalar qiymatining o‘zgarishi o‘g‘irlangan mablag‘ miqdoriga ta’sir etishi mumkin. Lekin har qanday holatda ham 2022-yilda Shimoliy Koreya tomonidan virtual mablag‘larni o‘marish bo‘yicha rekord qayd etildi», – deyiladi BMT hisobotida.

Xalqaro tashkilot xulosasiga qaraganda, o‘g‘irlanmagan mablag‘lar mamlakatning yadro va raketa dasturlarini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan.

DW nashri Shimol hakerlari rekord darajada o‘ljaga olganiga shu tarzda munosabat bildirdi.

Kim Chen In boshchiligidagi Pxenyan ma’muriyatining yadro tadqiqotlari va raketa sinovlari dunyo ahlini tashvishga solmoqda.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil boshida Kim Chen In yadroviy taktik qurollarni ommaviy ishlab chiqarish haqida buyruq berdi.

2022-yil oktyabr oyida Shimoliy Koreya besh yil ichida birinchi marta Yaponiya ustidan raketa uchirdi.

Dekabr oyining so‘nggi kunlarida Shimolning uchuvchisiz uchoqlari Janubiy Koreya bilan chegarani kesib o‘tdi. Seul bunga javoban qiruvchi samolyotlar va hujum vertolyotlarini havoga ko‘tardi.

Yangi yilning ilk kuni ham Pxenyan kichik masofaga uchuvchi ballistik raketalarni sinab ko‘rdi. BMT ma’lumotlarga qaraganda, 2022-yil davomida Kim Chen In ma’muriyati 73 ta ballistik raketa uchirgan.

O‘tgan yili Politico nashri agar Kim Chen In o‘ldirilsa, yadro siyosati haqidagi yangi farmonga muvofiq Shimoliy Koreya «avtomatik ravishda va darhol» yadroviy zarba bilan javob qaytarishi haqida xabar bergan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring