Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Shubhali» soliq operatsiyalari uchun xorijda qanday jazo qo‘llaniladi?

«Shubhali» soliq operatsiyalari uchun xorijda qanday jazo qo‘llaniladi?

So‘nggi kunlarda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovlarini noqonuniy ravishda kamaytirgan va «shubhali» operatsiyalarni amalga oshirgan 396 ta tadbirkorlik sub’yektlari bilan munosabatlarga kirishgan 8 536 ta tadbirkorlar tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha hisobga olingan 955 mlrd. so‘m miqdorida soliq to‘lovlariga o‘zgartirishlar kiritilganligi jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Ushbu masala Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ham o‘rganildi. Xususan, kuni kecha Parlament quyi palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovlarini noqonuniy ravishda kamaytirgan va «shubhali» operatsiyalarni amalga oshirgan tadbirkorlik sub’yektlari bo‘yicha Davlat soliq qo‘mitasi raisining axboroti eshitildi.

Qayd etilishicha, shu kungacha aniqlangan holatlar (dastlab 396 ta tadbirkorlik sub’yektlari va ular bilan munosabatda bo‘lgan 206 ta davlat korxonalari) bo‘yicha soliq kodeksining 14, 15 va 266-moddalariga muvofiq tegishli choralar ko‘rilgan. Kameral tekshiruvlari o‘tkazilgan soliq to‘lovchilarning 95,1 foizida shubhali operatsiyalar o‘z tasdig‘ini topgan.

Qo‘mita eshituvida deputatlar tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovlarini noqonuniy ravishda kamaytirish maqsadida «shubhali» operatsiyalarni amalga oshirgan deb topilgan tadbirkorlik sub’yektlarining e’tiroziga sabab bo‘layotgan omillarga qaratdi.

Bunda deputatalar tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan noqonuniy xatti-harakatlariga jazo qo‘llashdan oldin, ularni keltirib chiqarayotgan sabablarga e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlab o‘tdilar. Ya’ni, tadbirkorlar (QQS) to‘lovlarini to‘lashda noqonuniy yo‘llar bilan ularni aylanib o‘tmasdan, balki soliqlarni to‘lashdan manfaatdor bo‘lish mexanizmlarini ishlab chiqish takliflarini berib o‘tdi.

Davlat soliq qo‘mitasining bergan axborotiga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizning yalpi ichki mahsulotiga nisbatan yashirin (xufyona) iqtisodiyot 50 foizlar atrofida. Buning kelib chiqish sabablari juda ko‘p, ayrimlarida esa tizimli xarakterga ega ekanligi axborotda ta’kidlab o‘tildi. Bundan tashqari, soliq tizimiga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlardagi bo‘shliqlarning mavjudligi ham shu kabi muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Shuningdek, deputatlar soliq siyosatini amalga oshirish borasida vakolatli davlat organlari tomonidan soliq to‘lash madaniyatini oshirib borishning tizimli choralarini yetarli darajada tashkil etish lozimligi ta’kidlandi. Soliq madaniyatini oshirishda targ‘ibot va tashviqot ishlari doimiy ravishda olib borilsa yaxshi natija beradi. Lekin, ularning samara berishi uzoq vaqtni talab etadi. Shu o‘rinda qonunlarni hurmat qilish va ularga amal qilishni talab etish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish lozimligi deputatlar tomonidan ta’kidlandi.

Xo‘sh, bu bo‘yicha xorij tajribasi qanday,soliqlarni to‘lash bo‘yicha noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan rivojlangan davlatlarda qanday choralar ko‘rish belgilangan?

Masalan, AQShda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan har qanday shaxs jinoyat sodir etishda javobgar hisoblanadi. Sud qaroriga asosan aybdor deb topilgan jismoniy shaxslarga 100 ming AQSh dollarigacha, yuridik shaxslarga 500 ming dollardan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish choralari qo‘llaniladi.

Buyuk Britaniyada esa bunday qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, agarda yuridik shaxs bo‘lsa barcha mol-mulki musodara qilinishi belgilangan.

Xitoy xalq respublikasida xufiyona iqtisodiyot bilan shug‘ullangan korxonalar rahbariga nisbatan jinoyat sodir etganligi 14 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki 5 million AQSh dollari miqdorida jarima jazosi qo‘llanilishi belgilangan.

Avstraliyada esa 20 ming dollardan kam soliqlarni yashirgan tashkilot rahbarlariga nisbatan yashirilgan summaning 10 baravarigacha jarima yoki 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi belgilangan. Agar yashirilgan soliq summasi 100 ming dollardan ortiq bo‘lsa tashkilot rahbariga 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi belgilangan.

Shuningdek, deputatlar insofli, halol soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish, yashirin faoliyat yuritayotganlarni qonuniy faoliyat yuritishi uchun shart-sharoitlar yaratish, fuqarolarimiz soliqdan qochish emas, balki uni vaqtida to‘lashdan manfaatdor bo‘lishini ta’minlovchi va rag‘batlantiruvchi iqtisodiy mexanizmlarni amalga oshirish borasida taklif va tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida mutaxassislar, amaliyotchilar va ekspertlarni jalb qilgan holda mazkur masalalarni ko‘rib chiqish taklifi berildi. Bu borada yaqin kunlarda Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi tomonidan maxsus seminar tashkil qilishga kelishib olindi.

Qo‘mita yig‘ilishida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan Davlat soliq qo‘mitasiga chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish hamda hududlardagi soliq tizimidagi muammolarni xalq vakillari bilan birgalikda o‘rganish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha o‘z takliflarini berdilar.

Jamshid Qosimov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring