Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sinchalak

Sinchalak

Foto: «surgpu.ru»

– Oyijon, ishga ketyapman, yaxshi o‘tiring!

– Yana qanaqa ish? Ta’tilga chiqqaningga bir haftadan oshdi-ku, har kuni ish, deysan...

– Bugun oxirgi imtihon, hamkasbim kelolmas ekan, o‘rniga 9-sinflardan imtihon olishim kerak.

– Hech bo‘lmasa choyingni ichib ol.

– Kech qolyapman, kelib icharman.

«Faqat senga kech bo‘ladi. Bir yildan beri shu ahvol. Axir boshqa o‘qituvchilar soat to‘qqiz bo‘lay, deganda ko‘chadan o‘tishadi-ku! Ha, senda ular kabi bola-chaqa, mol-hol tashvishi yo‘q-da, ko‘zingni ochishing bilan maktabga chopasan. Direktor ham faqat seni ko‘radi. Yosh kadr, ingliz tili o‘qituvchisi hammadan ko‘p oylik oladi, deb ezgani-ezgan», degan o‘ylar bilan qizining ortidan termulib qoldi ona.

 ***

– Allo, assalomu alaykum Nazira opa.

– Yaxshimisiz, Zarnigor?

– Rahmat, bugun o‘quvchilaringiz ingliz tilidan imtihon topshirishlari kerak, esingizdami?

– Ha-ya, yodimdan ko‘tarilibdi, nima gap o‘zi?

– Yarim soatdan keyin imtihon boshlanishi kerak, sinfda umuman o‘quvchi yo‘q, tayyorgarlik ham ko‘rilmagan, daftarlar ham tamg‘alanmagan...

– Ha, o‘takamni yoray dedingiz-a, Zarnigorxon! Men biror shumlikni boshlashibdimi, deb o‘ylabman.

– Bu nima deganingiz, Nazira Hikmatullayevna! – o‘zini zo‘rg‘a bosib oldi o‘qituvchi. – Axir sinf rahbari sifatida davomatni ta’minlash, tayyorgarlik ko‘rish sizning vazifangiz emasmi?

– E, qo‘ysangizchi rasmiyatchilikni. Bilimiga qarab bahosini qo‘yavering. Hammamiz shunaqa qilyapmiz. O‘zingizni charchatib o‘tirasizmi bir to‘da tarbiyasizni deb.

– Men bunday qilolmayman. Imtihon vaqtigacha davomat to‘liq bo‘lmasa, direktorga bildirishnoma yozib beraman.

– Hali yangisiz-da, Zarnigorxon! Qo‘rqmang, direktorning ham xabari bor.

– Nima?! Direktordan yuqoridagilarning-chi? Ularning ham xabari bormi? Men sizni ogohlantirdim, yana yigirma daqiqa kuta olaman, xolos.

«Eh, afsus! Endi tushundim bu maktabda nega ahvol bunaqa ekanligini. Nega o‘quvchilar tartibsiz, o‘qishga ishtiyoqsiz, faqat kunim o‘tsinga maktabga kelib-ketib yurganining sababini endi angladim. Demak, baliq boshidan aynigan, daraxtning ildiziga qurt tushgan. Nahotki, qishloq maktablari shunday ahvolga kelib qolgan bo‘lsa? Talabalik vaqtimda bir kun kelib shunaqa joyda ishlashimni o‘ylamagan ekanman. To‘g‘rirog‘i, shu zamonda bu kabi har jabhada oqsoq maktab borligiga ishonmagan bo‘lardim. Mana senga, Zarnigor Azimovna! Bularga qarshi tura olasanmi? Butun maktabni iskanjasiga olgan bu tizimga qarshi kurasha olasanmi? Yoki sen ham mana shu o‘qituvchilar kabi oqim ichida g‘arq bo‘lasanmi?»

– Kirishga mumkinmi, ustoz!

– Assalomu alaykum, ustoz!

– Nega kech qoldingiz, qolganlar qani?

– Nazira ustoz hozir uyimizga telefon qildilar. Biz bilmagandik. Boshqalarga ham aytdik, hozir kelishadi. Sinf rahbarimiz ham kelarkanlar.

– Tezda sinfni tartibga keltiring. Hozir imtihonni boshlaymiz.

– Siz olasizmi? O‘zimizning ingliz tili ustoz-chi?

– Sizga nima farqi bor? Bilimingizga ishonsangiz, yaxshi tayyorlangan bo‘lsangiz, nimadan qo‘rqasiz?

Birin-ketin o‘quvchilar kirib kelishdi. Qo‘lida tamg‘alangan daftarlar, savollar solingan jildlar, baholash mezoni va bir qancha kerakli hujjatlar bilan sinf rahbari ham halloslagancha xonaga kirdi.

– Mana, Zarnigorxon, hammasi tayyor. Hozir direktor ham kelar ekan, telefonlashdim.

– Mayli, kelsin. Bir o‘quvchingiz hali ham kelgani yo‘q.

– Unga o‘zingiz yordam qila qoling. Shu yil qutilamiz o‘sha betamizdan.

– Men imtihonga kelmagan o‘quvchiga baho qo‘ymayman.

– Keladi. Kelsa bo‘ldimi? Hozir, – shoshib chiqib ketdi sinf rahbari.

Imtihon boshlandi. Bir o‘quvchi chiqib, konvert tanladi. Uning ichi ochilib, savollar doskaga yozildi. Savoldan boshqa hech narsa yozilmaganidan o‘quvchilar ajablanishdi. Bir-birlariga hayron bo‘lib qarashdi. Biroz kutishdi. Savollarni ko‘chirishdi. Hamon o‘qituvchining jimligi ularga g‘alati tuyila boshladi.

– Ko‘chirib bo‘ldik, ustoz! – gap tashladi biri yuragi siqib.

– Yaxshi! Endi bajaring!

– Javoblarini yozmaysizmi? – oxiri «portladi» bir farosati sal kamrog‘i.

– Javoblarini o‘zingiz yozasiz, – xotirjam edi o‘qituvchi.

– O‘zimizning ustoz doim o‘zlari yozardilar.

– Men javobini yozadigan ustoz emasman. Tezroq bo‘ling! Vaqt tugashi bilan yig‘ib olaman, – hayratga tushgan o‘quvchilarni ogohlantirdi.

 ***

– Samalekum, kirishga mumkinmi? – salomini og‘zidagi saqichi bilan qo‘shib chaynagan bir bola eshik oldida gapirdi.

– No, you may not (Yo‘q, mumkin emas), – ingliz tilida javob qildi o‘qituvchi.

O‘qituvchining gapini tushunmagan o‘quvchi sinf­ga kirib kela boshladi.

– Men senga ruxsat berganim yo‘q. Eshik oldiga bor.

– Menga hech kimning ruxsati kerak emas, direktordan ruxsat olganman.

– Bu imtihonga faqat mening ruxsatim bilan kiriladi.

– Ko‘p katta ketmang, kerak bo‘lsa, hozirning o‘zida bahoimni qo‘yib berasiz.

– Imtihondan o‘tmaganlarning bahosi...

– Assalomu alaykum! – o‘quvchilar eshik oldida turgan direktorga salom berishdi.

– Imtihon paytida kim kelishidan qat’iy nazar o‘rnidan turish mumkin emas, – dedi o‘qituvchi, – bundan oldin imtihon topshirmaganmisizlar?

– Zarnigorxon, yaxshimisiz?

– Assalomu alaykum, Feruza Temirovna.

– Qiynalmayapsizmi?

– Men-ku qiynalmayapman, o‘quvchilarga ancha qiyin bo‘lyapti.

– Keling, shularni qiynamaylik, bahosini qo‘yib bera qoling!

– Qo‘yib beraman albatta, faqat yozganiga qarab.

– Butun sinfni «yiqitmoqchimisiz», shumi maqsadingiz? – asabiylashdi direktor.

– Yo‘q, albatta.

– Yoki maktabni tumanga ovoza qilmoqchimisiz? Odam bo‘lmaydi baribir bular!

– Bu nima deganingiz? Odam qilish bizning vazifamiz. Qolaversa, o‘quvchilarni sizlar shu ko‘yga solib qo‘ygansiz. Endi aybingizni yolg‘ondakam baho bilan bekitmoqchimisiz...

– Bo‘lar-bo‘lmas gapni qo‘ying, hozir o‘zim baholab tashla...

– Haqqingiz yo‘q. Iltimos, imtihon tugaguncha sinfdan chiqib tursangiz. Sizga ishonib kelgan mana bu o‘quvchingizni ham olib keting.

– Mayli, men chiqib turaman. Lekin shu bolani bahosini bir amallang, iltimos, dadasi akademik litseyga qo‘yaman, deyapti.

– Qoidaga ko‘ra imtihonga kiritilmaganlardan qayta imtihonni alohida komissiya oladi.

«Hali shoshmay tur! Men bilan o‘ynashish qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yaman senga. Bir-ikki marta mukofot puli olmasang, keyin nog‘oramga o‘ynaysan. Seni bu maktabga kelganingga bir yil bo‘lgan bo‘lsa, men qirq yildan beri shu yerdaman», degan o‘y direktorni tashqariga olib chiqdi.

 ***

 – Oyi, yaxshi o‘tiribsizmi? Men keldim.

 – Charchamadingmi, qizim!

 – Mening charchashga haqqim yo‘q, oyi!

 ***

«Hech bo‘lmasa, imtihon nima ekanligini, uning mas’uliyatini his qilib ko‘rishdi-ku o‘quvchilar. Bu ham mening yutug‘im. Hali ham kech emas, ularning tarbiyasi va o‘qishidagi kamchiliklarni tuzatsa bo‘ladi. Faqat mas’uliyatdan qochmaslik kerak», deya o‘ylardi yarim tungacha imtihon daftarlarini tekshirayotgan o‘qituvchi.

Mukarram Otamurodova

 ***

«Sinchalak» – katta yozuvchimiz Abdulla Qahhorning shu nomli qissasi mavjud. Yozuvchi sinchalak degan mitti qushchaga ta’rif berarkan, u har tong oyog‘ini osmonga qaratib yotishiga to‘xtaladi. Sinchalak mobodo osmon qulab tushsa, oyog‘i bilan tutib qolishni maqsad qilarkan...

Ba’zan butun boshli tizim, urchib ketgan illatga qarshi kurashmoqqa bel bog‘lagan insonlar sinchalakka qiyoslanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring