Singapurda tarbiyachi bolani ruchka bilan jarohatlagani uchun qamaldi
Singapurdagi bog‘chalardan birida 10 yillik tajribaga ega bo‘lgan tarbiyachi alohida ehtiyojli tarbiyalanuvchiga nisbatan kuch ishlatgani uchun 18 oylik qamoq jazosiga hukm qilindi. U endi hech qachon pedagogik faoliyat bilan shug‘ullana olmaydi.
Voqea maxsus dastur asosida faoliyat yuritadigan bog‘chada sodir bo‘lgan. Jabrlanuvchi autizm, diqqat yetishmasligi va o‘ta harakatchanlik (SDVG) hamda nutq rivojlanishidan orqada qolish tashxislari qo‘yilgan 6 yoshli bolakay bo‘lgan.
Navbatdagi mashg‘ulotlardan birida bolaning xulq-atvoridan g‘azablangan tarbiyachi o‘zini tuta olmay, qo‘lidagi ruchka bilan uning bosh qismiga bir necha bor turtkilagan. So‘ngra aybini yashirish maqsadida ota-onaga bola o‘z o‘yinchog‘i orqali jarohatlanganini aytgan. Ammo farzandining ahvolidan shubhalangan ota-ona bog‘cha ma’muriyatidan kuzatuv kameralari yozuvlarini talab qilgan va asl haqiqat yuzaga chiqqan.
Sud jarayonida ayblanuvchining advokati ayolning oxirgi vaqtlarda otasining og‘ir kasalligi sababli kuchli stressda bo‘lganini, shu paytgacha qonunbuzarlik sodir etmagani va sohada faqat ijobiy tavsiflanganini aytib, yengillik so‘radi.
Biroq sud himoya tomonining bu vajlarini asossiz deb topdi. O‘zini himoya qila olmaydigan bolaga nisbatan shafqatsizlik qilgan sobiq pedagog 1 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter