Sirdaryoda 122 mln dollarlik avtomobil ishlab chiqarish loyihasi yo‘lga qo‘yiladi
Sirdaryo tumanida kelgusi yilda xitoylik hamkorlar bilan avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha 122 million dollarlik loyiha ishga tushadi.
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, yaqinda Qozog‘iston bilan Sirdaryo tumanidagi Markaziy Osiyo xalqaro sanoat kooperatsiyasi markaziga ham start berilgan.
Ushbu markaz hududida 300 million dollarlik 14 ta sanoat korxonasi kelasi yil 1-chorak yakunida ish boshlaydi, 2026-yilda yana 720 million dollarlik 40 ta yangi loyihalar joylashtiriladi.
Davlat rahbari, shuningdek, tomorqani ishga solish, kichik sanoat va servis orqali odamlarning daromadini oshirish bo‘yicha yangicha ishlash tizimi Sayxunobodda o‘tgan yili boshlanganini ta’kidlab, tumandagi 13 ming xonadonda tomorqadan samarali foydalanish hisobiga oylik daromad bir necha barobarga ko‘payganini eslatdi.
Mahallalardagi 1,8 ming xonadonda 5-6 sotixli, yana 622 tasida 2-3 sotixli issiqxonalar qurildi. Bir yarim yilda 700 ta yangi tadbirkor ish boshladi, 15 ming ishsiz doimiy daromadga ega bo‘ldi, 1,5 ming oila kambag‘allikdan chiqdi.
«Qilsa bo‘lar ekan! Mana, eng «og‘ir» tumanlardan biri bo‘lgan Sayxunobodda bugun hayot, odamlarning kayfiyati qanday o‘zgarganiga guvoh bo‘lyapsizlar», – dedi Prezident.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter