Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Siyosatda tasodiflar bo‘lmaydi» – o‘zbekistonlik tahlilchilar Eron prezidentining o‘limi haqida

«Siyosatda tasodiflar bo‘lmaydi» – o‘zbekistonlik tahlilchilar Eron prezidentining o‘limi haqida

Foto: The New York Times

Eron prezidenti Ibrohim Raisiyning kutilmagan o‘limi tegrasida bahs-munozaralar hamon davom etmoqda. O‘zbekistonlik tahlilchilar ham bu borada o‘z nuqtai nazarini bildirmoqda.

Sharqshunos Suhrob Bo‘ronovning fikricha, «siyosatda tasodiflar ham tasodifan bo‘lmaydi».

«Sharqiy Turkiston Respublikasining 2-prezidenti, o‘z vaqtida «sovetlar odami» deya ta’riflangan Ahmadjon Qosimiyning samolyot halokatida ham ikkita gumon bor edi: 1) rasmiy – ob-havoning noqulay bo‘lgani; 2) norasmiy – sovetlarning maxsus xizmati ishning ortida turgani.

Ibrohim Raisiyning vertolyot halokati ham shunga o‘xshash holatni eslatib yubordi. Fikri ojizimizcha, balki bunga quyidagi omillar sabab bo‘lgandir:

  1. Ibrohim Raisiyning «halokati» Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashgandan so‘ng sodir bo‘ldi. Ma’lumki, so‘nggi paytlarda Eron va Ozarbayjon munosabatlari juda taranglashgan edi. Qisqaroq qilib aytganda, Raisiy va Aliyevning uchrashuvi Isroilga va hattoki Eronning «chuqur davlati»ga ham xush kelmas edi.
  2. Ibrohim Raisiy, Eron tashqi ishlar vaziri Abdullahiyon hamda Eron prezidenti xavfsizlik xizmati rahbari Musaviyning vertolyotda mavjudligini tasdiqlaydigan bir nechta videolarning ayrim Eron OAV orqali tarqatilishi katta ehtimol bilan ichki va tashqi jamoatchilikni bunga ishontirishga qaratilgan edi.
  3. Vertolyotning yonib ketishi va jasadlarni tasdiqlashning imkoni bo‘lmasligi haqidagi ehtimollar ham turli gumonlarni vujudga keltiradi», – deb yozadi S.Bo‘ronov.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov aviahalokat qasddan uyushtirilgani haqidagi taxminlarni asossiz deb hisoblaydi.

«Eron prezidentining o‘limi Eron davlat siyosati o‘zgarishiga olib kelmaydi. Davlatni oliy rahbar – Imom Xominaiy boshqaradi. Shu sabab, Eron prezidentining o‘limi, juda katta ehtimol bilan, baxtsiz hodisa bo‘lishi kerak. Siyosat – juda murakkab soha. Bunday hodisalar uyushtirilgan bo‘lishi ehtimolini to‘liq istisno qilib bo‘lmaydi. Va agarki kimdir bunday ishga qo‘l urgan bo‘lsa, ular o‘z izlarini juda chuqur yashirishga harakat qiladi. Lekin, yuqorida aytilganidek, Eron prezidentining o‘limi ichki siyosatda ham, tashqi munosabatlarda ham biror muammoga yechim bermaydi, aksincha, noaniqliklarni oshiradi»,deydi K.Rabbimov.

Tahlilchi Muhammadqodir Sobirov marhum Raisiy mamlakat oliy diniy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiyning ehtimoliy vorisi deb ko‘rilganiga e’tibor qaratgan.

«Ushbu halokat tasodifmi yoki uyushtirilganimi – hozir aytish qiyin. Ozarbayjon bilan uchrashuvdan Eron delegatsiyasi uchta vertolyotda qaytgan va ulardan faqat prezident o‘tirgan uchoq halokatga uchragan. Energetika hamda Yo‘llar va shahar taraqqiyoti vazirlari bo‘lgan ikki vertolyot manzilga sog‘-omon kelgan...Uning o‘limi mamlakatdagi ichki hokimiyat kurashlari bilan bog‘liq (harholda oyatulloh o‘rniga da’vogarlar ancha-muncha, qolaversa oliy yetakchining pozitsiyasini kuchsizlantirmoqchilar ham ko‘p) bo‘lishi mumkin. Eron prezidentlariga bir necha bor suiqasd amalga oshirilgan (masalan 2005 va 2010 yillarda). Har qanday holatda ham Raisiyning o‘limi Eron siyosiy hayotiga jiddiy ta’sir o‘tkazmaydi. Bu yerda siyosiy yo‘nalishni oliy diniy peshvo – oyatulloh chizib beradi», – deb yozadi M.Sobirov.

«Sharqshunos tahlilchilar» intellektual klubiga ko‘ra, Raisiyning o‘limi mamlakat oliy diniy yetakchiligiga boshqa bir nomzod – Ali Xomanaiyning o‘g‘li Mujtabo Xomanaiy foydasiga xizmat qilmoqda.

«Agar hozirda tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Ali Bageriy Xomanaiy kuyovining ukasi ekanini yodga olsak, voqealar rivoji qiziqarli tus ola boshlaydi. Chunki ushbu holatda Xomanaiy oilasining mustahkamlanishini kuzatish mumkin.

O‘tgan yili Eron oliy rahnamoligi uchun potensial uchta nomzod bor edi: Mujtabo, Raisiy va Ali Shamxaniy. «Soya floti admirali» Ali Shamxaniy birinchi marta Milliy xavfsizlik kengashi kotibi lavozimidan chetlashtirildi va bu yil uning jiyani ham yirik pora evaziga qamaldi. 3 milliard dollar ekvivalent uchun uni osongina osib qo‘yish mumkin edi. Ya’ni, jiyani Shamxaniyning sobiq safdoshi Alirizo Akbariyning taqdiriga duchor bo‘lishi mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, endi hokimiyatda nihoyatda nufuzli va badavlat Shamxaniyga ta’sir qilish uchun Mujtaboning qulay dastagi bor...

Hozirda Xomanaiyning o‘g‘li uchun siyosiy maydon tozalangan. Shamxaniy ham, Raisiy ham yo‘q. Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajodning birinchi oliy rahnamo Ruhulloh Humayniyning nabirasi Hasan bilan fevral oyida paydo bo‘lgan suratlarini inobatga olsak, savollar yanada kamayadi...

Ushbu vaziyatda, albatta, prezidentlik saylovini kutish kerak, undan keyin nima bo‘ladi, bu barchamizga qorong‘i. Lekin hokimiyatga biroz liberal qarashdagi, Sharqdan ko‘ra G‘arbga ko‘proq moyil bo‘lgan shaxs kelsa, hayron bo‘lmaymiz», – deya xulosa yasaydi «Sharqshunos tahlilchilar» intellektual klubi.

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring