Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Siz nazarga ilmagan kartoshka kimgadir asqotishi mumkin

Siz nazarga ilmagan kartoshka kimgadir asqotishi mumkin

Bugun AOKA huzurida tashkil etilgan shtabda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva ishtirokida brifing o‘tkazildi. Brifingda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.

— Ehtiyojmand oilalarga ajratilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va miqdori haqida ijtimoiy tarmoqlarda turli salbiy fikrlar bildirilmoqda. Shu gaplar rostmi? Turmush darajasi o‘ta past oilalarga ajratilayotgan mahsulotlar miqdorini 2-3 barobarga oshirish imkoni bormi?

— Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga keltirilayotgan har bir mahsulot turi tegishli tartibda sanitar-gigiyena talablaridan kelib chiqqan holda TO‘LIQ ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Shuningdek, ularning iste’molga yaroqliligi hamda boshqa jihatlari maxsus vakillarimiz tomonidan qayta-qayta TEKShIRILADI.

Ishonch bilan aytishim mumkinki, aholiga berilayotgan barcha mahsulotlar iste’mol uchun yaroqli. Ijtimoiy tarmoqlar orqali bu holatlarga o‘z salbiy munosabatlarini bildirayotgan hamyurtlarimizdan berilayotgan mahsulotlarni avvalo shukronalik bilan qabul qilishlarini, agar ehtiyoji bo‘lmasa, mahsulotlarni atrofingizdagi boshqa ehtiyojmand oilalarga berishingizni so‘raymiz.

Zero, hozirgi murakkab kunlarda o‘sha «atigi bir litr yog‘» yoki «sifatsiz va loyga botgan» kartoshka deb baholanayotgan mahsulotlarga juda ko‘p oilalarimizning muhtojligi bor.

Ayrim hududlarda homiylar soni u qadar ko‘p emasligi aholiga beriladigan oziq-ovqat miqdoriga ta’sir ko‘rsatadi. Aminmizki, hududlarda ham homiylik qilish istagidagi kishilar soni ortadi.

— 2 ta voyaga yetmagan fazandim bor. Hech qayerda ishlamayman. Turmush o‘rtog‘im maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Mahalla fuqarolar yig‘iniga bolalarga beriladigan moddiy yordam puli so‘rab murojaat qilgandim. Ammo mahalla raisi «eringizning oyligi belgilangan miqdordan ko‘p. Sizga bola puli berolmaymiz», deb qaytardi. Shu to‘g‘rimi? Mening ishlamayotganim bizga nafaqa olishimizga biron ustunlik bermaydimi?

— Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam har bir oila a’zosiga o‘rtacha oylik jami daromad miqdori jami daromad aniqlanayotgan davr uchun belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 52,7 foizidan ortiq bo‘lmagan oilalarga tayinlanadi.

Hozirgi davrda bu 358 ming so‘mni tashkil etadi. Ya’ni, sizning oilangizda 4 kishi — siz, turmush o‘rtog‘ingiz va 2 nafar farzandingiz yashaydi.

Turmush o‘rtog‘ingizning oylik maoshi, deylik, 2 million so‘m. Ya’ni, belgilangan tartibga ko‘ra, hisoblangan 1 million 432 ming so‘mdan ko‘p (358 000 x 4 = 1 432 000). Bunday vaziyatda fuqarolar yig‘ini raisining nafaqa tayinlash bo‘yicha qilgan murojaatingizni QANOATLANTIRMASLIK uchun huquqiy asosi bor.

Asos — Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi 44-son qarori asosida tasdiqlangan «Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi Nizom.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring