Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sobiq Bosh prokuror Rashidjon Qodirov haqida nimalarni bilamiz?

Sobiq Bosh prokuror Rashidjon Qodirov haqida nimalarni bilamiz?

Foto: «Kprf.org»

Kecha, 22-fevral kuni O‘zbekistonning sobiq Bosh prokurori Rashidjon Qodirovning hibsga olingani haqida xabarlar tarqalgan edi. Hozircha ma’lumot rasman tasdiqlanganicha yo‘q. «Xabar.uz» ushbu ma’lumotga aniqlik kiritish uchun Bosh prokuratura matbuot xizmati (233-64-53), jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i (233-51-27), ishonch telefoni hamda «Call-markaz»i (1007) bilan bog‘lanishga urinib ko‘rdi. Biroq barcha urinishlar zoye ketdi. Qo‘ng‘iroqlarga hech kim javob bermadi.

Rashidjon Qodirov yaqin-yaqingacha respublikadagi eng qudratli va sirli shaxslardan biri bo‘lib kelgan. Internetda uning sanoqligina suratlari mavjud bo‘lib, shaxsi, faoliyati, oilasiga oid ma’lumotlar ham to‘liq emas.

Xo‘sh, ochiq manbalardan O‘zbekistonning sobiq bosh prokurori haqida nimalarni topish mumkin?

U 1952-yilning 23-fevralida o‘sha paytda Namangan viloyatiga qarashli bo‘lgan Baliqchi tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston milliy universiteti)ning huquqshunoslik fakultetini tamomlagan. Faoliyatini 1975 yilda Andijon viloyati prokuraturasi tergovchiligidan boshlagan. 1980—1991-yillarda O‘zbekiston SSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasi tergov boshqarmasida turli lavozimlarda ishlagan. 1992—1994-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati raisining o‘rinbosari bo‘lgan.

1994-yili u respublika Bosh prokurorining o‘rinbosari etib tayinlangan. 2000-yilning fevralida esa Bosh prokurorlik kursisini egallagan. Shundan so‘ng u uch marta, ya’ni 2005, 2010, 2015-yillarda besh yillik muddatga ushbu lavozimga qayta tayinlangan.

2015-yilning boshida 4-muddatga Bosh prokurorlikka qayta tayinlangan Rashidjon Qodirov o‘sha yilning 21 aprelida ushbu lavozimdan ozod qilingan edi. Uni lavozimdan ozod qilish haqidagi Prezident farmonida o‘zgarish sababi Rashidjon Qodirovning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugagani va uning boshqa ishga o‘tayotgani deya ko‘rsatilgan edi.

O‘shanda uning o‘rnini Ixtiyor Abdullayev egallagandi. E’tiborli jihati, yangi Bosh prokurorni jamoaga o‘sha paytdagi O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev tanishtirgan edi.

2015 yilning 16-may kuni Rashidjon Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsion sudi sudyasi etib tayinlangan edi. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisi tomonidan qabul qilingandi. Biroq Oliy Majlis Senatining 2017-yilning avgustidagi yalpi majlisida Konstitutsiyaviy sud a’zolari qayta tayinlanganda Rashidjon Qodirov ushbu lavozimdan mahrum bo‘lgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2017-yilning 2-avgust kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev prokurorlarni qattiq tanqid qilgan, prokuratura tizimi izdan chiqib ketgani, korrupsiya botqog‘iga botgani, prokurorlarning odamlarni mensimay qo‘ygani, oyog‘i yerdan uzilganini aytib o‘tgan va bularning barchasida ismini aytmasa-da, avvalgi Bosh prokurorni ayblagan edi. «Mana, biz yangi Bosh prokurorni qo‘ydik va 80 foiz odamni o‘zgartirdik. Oldingi qolgan axlatdan, oldingi Bosh prokuror qoldirgan o‘g‘ri tizimdan 20-15 foiz odamlar yuripti. Bularni baribir o‘zgartiramiz oxirigacha», —degan edi davlat rahbari.

Hozircha Rashidjon Qodirov qayerda so‘roq qilinayotgani, u nimada ayblanayotgani ma’lum emas. «Xabar.uz» voqealar rivojini kuzatib boradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring