Sobiq prezident boshi ustida qora bulutlar to‘planmoqda

Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Mun Chje Inga nisbatan poraxo‘rlik jinoyati bo‘yicha ayblov e’lon qilindi.
2017-2022 yillarda Janubiy Koreyaga rahbarlik qilgan siyosatchi prezidentlik davrida kuyovi uchun joriy etilgan soxta lavozim orqali noqonuniy ravishda daromad olishda ayblanmoqda.
Tergov idorasiga ko‘ra, Mun Chje In “Eastar Jet” shirkati asoschisi Li San Chjikdan 217 million von (133239 yevro) miqdorida pora olgan. Sobiq prezidentning kuyovi 2018-2020 yillarda shirkatdan ayni shu miqdorda maosh va boshqa rag‘bat pullarini olgan. Prokurorlar bu sobiq prezidentga kuyovi orqali berilgan pora deb hisoblamoqda.
Qayd etilishicha, sobiq prezidentning kuyovi garchi aviatsiya sohasida ish tajribasiga ega bo‘lmasa ham, “Eastar Jet” aviashirkatiga ijrochi direktor sifatida ishga qabul qilingan. Keyinroq shirkat asoschisi Li San Chjik kichik va o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat agentligiga rahbar etib tayinlangan hamda Mun Chje In partiyasidan parlament deputatligiga nomzod qilib ko‘rsatilgan.
Sobiq prezidentga qarshi ayblov 3 iyun kuni prezidentlik saylovi o‘tishi arafasida ilgari surilmoqda. Shunga ko‘ra Mun Chje Inning tarafdorlari pora ayblovi liberallarning sobiq yetakchisini saylov arafasida obro‘sizlantirish uchun qo‘yilganini aytmoqda.
Janubiy Koreyaning ko‘plab sobiq prezidentlari turli ayblovlar bilan qamoqqa olingan.
2022 yil 10 maydan Janubiy Koreyani idora etib kelgan Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat e’lon qilishga muvaffaqiyatsiz urinishi ortidan joriy yil aprel oyida davlat rahbari lavozimidan chetlatildi.
Yun Sok Yolga jinoiy javobgarlik tahdid solmoqda.
2013-2017 yillarda prezident lavozimida faoliyat yuritgan Pak Kin Xe ham vakolat muddatini oxiriga yetkaza olmagan. Korrupsiyada ayblangan sobiq ayol prezidentga sud 24 yil qamoq jazosi tayinlagan. 2021 yil dekabr oyida u sog‘lig‘ihisobga olingan holda, insonparvarlik tamoyillariga asosan afv etilgan.
2008-2013 yillarda prezident lavozimida faoliyat yuritgan Li Myon Bak ham pora olish va mablag‘ o‘zlashtirishda ayblanib 17 yil qamoqqa hukm qilingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter