Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston — Qozog‘iston chegarasidan o‘tish bo‘yicha masalaga oydinlik kiritildi

O‘zbekiston — Qozog‘iston chegarasidan o‘tish bo‘yicha masalaga oydinlik kiritildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘z telegram-kanalida O‘zbekiston — Qozog‘iston chegarasidan o‘tish bo‘yicha masalaga oydinlik kiritdi. Aytilishicha, tyegishli vazirlik va idoralarning taklifiga ko‘ra, Respublika Maxsus komissiyasining navbatdagi bayoniga muvofiq, kecha, ya’ni 15-yanvardan O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan chegarasini ikki davlat fuqarolari kesib o‘tishi vaqtincha to‘xtatilgan.

Chunki so‘nggi kunlarda ushbu mamlakatda COVID-19 bilan kasallanish holatlari keskin oshmoqda, deyiladi xabarda. Qozog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu yerda birgina 15-yanvarda 13,6 ming kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. Bu 11-yanvarga nisbatan qariyb 9 ming, 14-yanvarga nisbatan esa 1,2 mingta ko‘p ko‘rsatkichdir.

O‘z navbatida, Qozog‘iston Respublikasi ham 2020-yilning mart oyidan buyon pandemiya to‘lqini kuchaygan davrlarda xuddi shu kabi taqiqlarni amaliyotda qo‘llab kelmoqda.

SSV ma’lum qilishicha, O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan chegarasini ikki davlat fuqarolarining kesib o‘tishi bilan bog‘liq cheklovlar quyidagi shaxslarga tatbiq etilmaydi:

  • havo yo‘llari orqali kiruvchi barcha toifadagi fuqarolar;
  • chegaradosh temir yo‘l stansiyalari va avtomobil o‘tkazish chegara punktlari orqali vataniga qaytgan O‘zbekiston va Qozog‘iston fuqarolari (keyingi o‘rinlarda tomonlarning fuqarolari deb yuritiladi);
  • hukumatlararo kurerlik aloqasi xodimlari;
  • xalqaro yuk tashishni amalga oshiruvchi haydovchilar;
  • rasmiy (hukumat) delegatsiyalari tarkibida bo‘lgan shaxslar;
  • diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar xodimlari, shuningdek, ularning oila a’zolari;
  • Qozog‘iston hududida joylashgan O‘zbekiston ob’yektlari, shuningdek, O‘zbekiston hududida joylashgan Qozog‘iston ob’yektlariga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar;
  • ushbu davlatlarda investitsiya loyihasi doirasida o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston, shuningdek, Qozog‘iston fuqarolari;
  • O‘zbekistonda doimiy yashovchi Qozog‘iston fuqarolari, shuningdek, Qozog‘istonda doimiy yashovchi O‘zbekiston fuqarolari;
  • mazkur davlatlarda ta’lim oladigan tomonlarning fuqarolari;
  • og‘ir kasal bo‘lgan yaqin qarindoshlarini ko‘rish yoki yaqin qarindoshlarining dafn marosimida qatnashish zarurati tufayli tibbiy maqsadda kiruvchi (ketayotgan) tomonlarning fuqarolari;
  • vafot etgan O‘zbekiston fuqarolarining jasadini olib borishda Qozog‘iston hududida va Qozog‘iston fuqarolarining O‘zbekiston hududida hamrohlik qilayotgan tomonlar fuqarolari.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring