Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

So‘kish yana «trend»da... Deputat Rasul Kusherbayev so‘nggi voqealarga munosabat bildirdi

So‘kish yana «trend»da... Deputat Rasul Kusherbayev so‘nggi voqealarga munosabat bildirdi

Foto: «Xabar.uz»

Yaqinda Prezident Administratsiyasi rahbari majlisida bir qator hokimlar ishdan olindi va jazolandi. Hokimlarning odob-ahloq me’yorlariga zid harakatlari tanqid qilinib, bu davlat xizmati obro‘siga putur yetkazishi ta’kidlandi.

«Biroq shu voqeadan ko‘p o‘tmay davlat xizmatchilarining so‘kish bilan bog‘liq odobsizliklari yana tarmoqlarda aylana boshladi», — deb yozadi Rasul Kusherbayev. — «An’anani Toshloq tumani hokimi davom ettirdi. Tuman hokimi, deb aytilayotgan audioda hokimning og‘zidan chiqayotgan gaplarga ilon po‘st tashlaydi.

Kamiga o‘z gapida hokim hududning mutlaq hukmdori sifatida har qanday qarorni kengash deputatlari tasdig‘idan o‘tkaza olishiga ishora qiladi.

Demak, Toshloq tumani kengashi deputatlari hokimni izmidan chiqa olishmaydi yoki hokim oshirvordi. Feodalizm.

Keyingi holat Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi sobiq IIB xodimi bilan bog‘liq.

Xodim nomus chegarasidan o‘tib, butun o‘zbekistonliklarni bo‘ralatib so‘kdi, oqqo‘rg‘onlik erkaklarni or-nomusini yerga urdi.

Ikki holatda ham davlat xizmatchilari o‘zlarining ma’naviyatsiz, davlat ishiga nomunosib ekanliklarini ko‘rsatishdi.

Ushbu holatlar davlat xizmatiga kadr tanlashda jiddiy nuqson borligini ko‘rsatmoqda. Ya’ni kadrning ma’naviy dunyosi, hulqi va muomila madaniyati qandayligiga qaralmaydigan ko‘rinadi.

Inson qanchalik bilimli, uddaburon bo‘lmasin, ma’naviyati yuksak bo‘lmasa, ish olib borishda  zo‘rlik va so‘kinishga tayanishi mumkin ekan.

Bunday kadrning hech qanday qiymati yo‘q va undaylar davlat xizmatida bo‘lishi mumkin emas».

Deputat bunga davlat xizmatiga kadr tanlovchi mas’ullar prinsipial qoida sifatida qarashlari kerakligini qayd etadi.

«Aks holda yer yuzida o‘zbekistonliklar o‘zlariga xizmat qiluvchi amaldorlarining so‘kishi ostida yashaydigan xalq bo‘lib qolaveradi», qo‘shimcha qiladi u.

Eslatib o‘tamiz, deputatning o‘zi ham yaqinda haqoratga uchragandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring