Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident yangi qonunga imzo qo‘ydi

Prezident yangi qonunga imzo qo‘ydi

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Soliq ma’muriyatchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun (O‘RQ–758, 11.03.2022 y.) Prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaslik hamda soliq va yig‘imlarni to‘lash uchun to‘lov topshiriqnomasini xizmat ko‘rsatayotgan bankka taqdim etmaslik yoki o‘z vaqtida taqdim etmaslik Soliq organlarining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali qayd etilgan holda yuridik shaxsning rahbari va yakka tartibdagi tadbirkorning ma’muriy javobgarlikka tortilishiga asos bo‘ladi.

Shuningdek, tovarlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun naqd pul mablag‘lari bilan yoki plastik kartochkalar bo‘yicha hisob-kitob shakliga qarab, ularning narxlarini sun’iy ravishda oshirish yoki pasaytirish BHMning 30 baravari (8 mln 100 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Qonun bilan Soliq kodeksiga soliq nazoratini amalga oshirishga doir harakatlarning xolisligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritildi.

Unga ko‘ra, Soliq nazoratini amalga oshirishga doir harakatlarning xolisligi videotasvirga olish qurilmalaridan foydalanish vositasida, bunday imkoniyat mavjud bo‘lmaganda esa xolislar ishtirokida amalga oshiriladi.

Videotasvirni yozib olish to‘xtovsiz va izchil ravishda olib boriladi. Videotasvir materiallarining ko‘chirma nusxasi soliq to‘lovchiga yoki uning vakiliga soliq nazoratiga oid tadbir tugagach taqdim etiladi.

Qonunchilikda videoyozuv taqiqlangan hollarda yoki xolislar soliq nazoratini amalga oshirish bilan bog‘liq harakatlarga majburiy tartibda jalb etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring