Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Soliqda «tozalash»: 3 ta viloyat va 4 ta tumanda mansabdor soliqchilar ishdan olindi

Soliqda «tozalash»: 3 ta viloyat va 4 ta tumanda mansabdor soliqchilar ishdan olindi

Soliq qo‘mitasida joriy yilning 1-yarimyillik yakuni va 3-chorakdagi dolzarb vazifalar yuzasidan Hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi.

Qo‘mita raisi Sherzod Kudbiyev rahbarligida bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan Hay’at majlisida qayd etilishicha, joriy yilning 1-yarimyilligida budjetga 85,8 trln so‘m miqdorida soliq tushumlari ta’minlanib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,5 foizga, hududlarda 24,4 foizga, tumanlarda 37 foizga o‘sgan.

Mol-mulk solig‘i tushumlari esa 37,6 foiz, yer solig‘i 31,2 foiz, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq 21 foiz, AOS 19 foiz va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 18 foizga o‘sgan.

Hududlarda foyda solig‘i tushumi 32,3 foiz va QQS 20,6 foizga o‘sdi. Pensiya jamg‘armasiga 23,1 trln so‘m tushirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,1 trln so‘mga (16 foiz) oshdi.

Yig‘ilishda, shuningdek, xizmat vazifasini bajarish va soliq ma’murchiligini ta’minlashda jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlar faoliyati jiddiy tanqid qilinib, tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.

Jumladan, berilgan ogohlantirishlar, profilaktik suhbatlar, ko‘rilgan intizomiy choralardan xulosa chiqarmasdan xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan hamda belgilangan samaradorlik ko‘rsatkichlari past bo‘lgan Qashqadaryo, Andijon, Farg‘ona viloyati soliq boshqarmalari boshliqlari o‘rinbosarlari, Paxtaobod, Izboskan, Sharof Rashidov va Yangi Namangan tumani soliq inspeksiyasi boshliqlari hamda 25 nafar mas’ullar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Bundan tashqari, 150 nafarga yaqin xodimga intizomiy choralar belgilandi 15 nafar xodimning unvoni 1 pog‘onaga pasaytirildi.

Yig‘ilishda hududiy soliq organlari va markaziy apparat rahbar hamda mas’ulllarning hisobotlari eshitilib, 3-chorakda soliq tushumlarini kamida 20 foizga oshirish, qo‘shimcha manbalarni jalb etish, soliq to‘lovchilarga ko‘maklashish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish hamda soliqsiz tushumlarni ta’minlash bo‘yicha tegishli organlar bilan hamkorlik samaradorligini yanada oshirish, korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik va sohani raqamlashtirishni izchil davom ettirish yo‘nalishlarida aniq muddatli vazifalar belgilab olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring