So‘nggi qo‘ng‘iroq...

Qalblarda g‘urur va hayajon uyg‘otadigan, ko‘zlarga yosh qalqitadigan bu lahza – farzandlarimiz hayotida yangi sahifani ochib bermoqda.
Bugun 450 ming nafardan ziyod bitiruvchilarimiz maktab bilan xayrlashar ekan, ularning qo‘lida yetuklik shahodatnomasi, ko‘nglida esa ulug‘ orzu va maqsadlar mujassam.
Bitiruvchilarimiz hayot yo‘lining g‘oyat mas’uliyatli, biroq beqiyos imkoniyatlar eshigini ochuvchi nuqtasida turishibdi. Bugun maktab darslari, sinfdoshlar, ustozlar bergan bilim bir sahifa bo‘lib yopilsa, ertangi kunning navbatdagi sharafli sahifasi ochiladi.
Mustaqil hayot sinovlari og‘ir bo‘ladi. Ammo shu sinovlar orqali inson charxlanadi, kamolotga yetadi, jasorat va mardlik nimaligini anglaydi. Maktab sizga bilim berdi. Endi esa hayot – aql, sabr va irodangizni sinaydi.
Sizlarning safingizda 11 ming 500 nafar oltin medal sohiblari, 2 mingdan ziyod kumush medal egalarining borligi faxr tuyg‘usini uyg‘otadi. Bu medallar ortida bilimga chanqoqlik, tinimsiz izlanishlar, ustoz va ota-onangizning og‘ir mehnati borligini unutmang.
Yoshlik – ilhom maskani, izlanish parvozi, orzular gavhari. Uning har lahzasi oltinga teng. Har kuningizni, har soatingizni, hatto har daqiqangizni samarali, mazmunli o‘tkazing. Chunki bugungi kichkina g‘alabalar ertangi katta zafarlarning poydevoridir.
Hozirgi kunda Yangi O‘zbekistonda sizlar uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda: 200 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari, yuzlab texnikumlar, monomarkazlar, innovatsion texnoparklar, zamonaviy kutubxonalar va ijodiy maydonlar – bularning barchasi kelajagingiz uchun.
Har qanday muvaffaqiyat – sabr, mehnat va samimiy harakat samarasidir. Bugun zamon bilimlilarga, tashabbuskorlarga, yangilik yaratuvchilarga muhtoj. Ijod qilganlar, sinovlardan qo‘rqmaganlar, har kuni o‘z ustida ishlaydiganlar tarixda qoladi.
O‘zingizga ishoning. Yuzingizdagi shijoat nurini, ko‘nglingizdagi pok niyatlaringizni aslo yo‘qotmang. Har qanday sharoitda ham orzu qilishdan, harakat qilishdan charchamang. Har bir qo‘ygan qadamigizni ma’no bilan bezang. Hayot yo‘lidagi har bir yutug‘ingiz bilan Vatan nomini ulug‘lang.
Ilk mustaqil qadamingiz qutlug‘ bo‘lsin!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter