Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

So‘nggi umid yoxud Jo‘ylangardagi 5 asrlik masjid saqlab qolinadimi?

So‘nggi umid yoxud Jo‘ylangardagi 5 asrlik masjid saqlab qolinadimi?

Bundan ikki yil oldin «xabar.uz» saytida «Jo‘ylangardagi tarixiy yodgorlik – masjid kundan kun xarobalashmoqda, mutasaddilar esa jim» sarlavhali maqola chop etilgan edi. Unda Jizzax viloyatining Yangiobod tumanidagi Jo‘ylangar qishlog‘ida tarixi 5 asrga teng «Yuqori masjid» haqida so‘z yuritilib, uni asrab qolish, tarixiy obidaga mutasaddilar e’tiborini qaratishga harakat qilingan edi.

Videomaterial e’lon qilingach, bunday masjidlar mamlakatimizda juda ham kamligini, uni saqlab qolish, masjidni turizm maskaniga aylantirish haqida va boshqa juda ko‘plab izohlar yozildi. O‘quvchilar bee’tibor bo‘lishmadi.

Xo‘sh, o‘tgan vaqtda nima o‘zgardi? Ochig‘ini aytib qo‘ya qolaylik, masjidni ta’mirlash bo‘yicha hech narsa qilinmadi, mutasaddilardan sado ham chiqmadi. Birgina ish – masjid tomon boradigan yo‘l asfaltlandi. Eng muhimi, faollarning ko‘plab sa’y-harakatlari tufayli masjid taqdiriga befarq bo‘lmagan O‘zbekiston Yozuvchilari hamda Jurnalistlari uyushmasi a’zosi, Xalqaro Turon fanlar akademiyasi akademigi Muhiddin Polvon  yetakchiligda tashabbuskor guruh shakllandi. Ular orasida arxitektor, quruvchi tadbirkorlar, olimlar, tarixchilar, jurnalistlar, qishloq faollari bor.

Yaqinda ana shu fidoyilar Jo‘ylangar qishlog‘iga kelib, masjidni ta’mirlash ishlarini boshlash yuzasidan kengashib olishdi.

Birinchi navbatda, sentyabr oyiga qadar masjid tomini qayta yopish zarurligi qayd etildi. Shu bilan birga, masjidni ro‘yxatdan o‘tkazish, uni ichki qismi shiftini aslidek ta’mirlash, devorlari va avvalgi peshayvonlarni tiklash bo‘yicha loyiha chizmalarini ishlab chiqish, ta’mirlash uchun zarur mablag‘ni shakllantirishga qaror qilindi.

Endi birgina masala qolgan – mutasaddilar bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, tarixiy «Yuqori masjid»ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishlari zarur. Shunda masjidni o‘z holiga keltirish osonlashadi, Jizzaxda, qolaversa, mamlakatimizda yana bitta turizm maskani paydo bo‘ladi. Yosh avlod o‘z tarixini o‘rganadi, keksa avlod tarixiy adolat tiklanganidan mamnun bo‘ladi.

Befarq bo‘lmang, mutasaddilar!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring