Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

SOR-28: O‘zbekiston delegatsiyasi Dubayda o‘tadigan jahon sammitida ishtirok etadi

SOR-28: O‘zbekiston delegatsiyasi Dubayda o‘tadigan jahon sammitida ishtirok etadi

O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi joriy yil 1-2-dekabr kunlari Dubay shahrida bo‘lib o‘tadigan BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi ishtirokchilarining 28-konferensiyasi (SOR-28) doirasidagi Iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish sohasidagi harakatlar bo‘yicha jahon sammitida ishtirok etadi.

Dunyoning deyarli barcha mamlakatlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati vakillari to‘planadigan ushbu forum iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va uning oqibatlarini yumshatish, iqlim bo‘yicha strategiyalar va «yashil» energetikaga o‘tishni moliyalashtirish borasidagi xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirishda g‘oyat muhim ahamiyatga ega.

Iqlim o‘zgarishi muammosi Orol dengizining qurishi oqibatida kelib chiqqan ekologik inqirozni boshidan kechirayotgan Markaziy Osiyo mintaqasi uchun eng o‘tkir muammolardan biriga aylanmoqda.

O‘zbekistonda «yashil» kun tartibidagi masalalarni ilgari surishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish, uglerod neytralligiga erishish hamda qayta tiklanuvchi energetika ulushini oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Mamlakatimiz global ekologik xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘p tomonlama sa’y-harakatlarda faol ishtirok etmoqda. Xususan, 2023-yil 13-17-noyabr kunlari Samarqand shahrida 130 dan ortiq mamlakat delegatsiyalari ishtirokida BMTning Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi bajarilishini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Kelgusi yilda Samarqandda Xalqaro iqlim forumi bo‘lib o‘tadi, unda Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqlim bilan bog‘liq tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasi loyihasi muhokama qilinadi.

Dubay shahrida bo‘lajak SOR-28da O‘zbekiston milliy, mintaqaviy va global darajada iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni kuchaytirish yuzasidan qator taklif va tashabbuslarni ilgari suradi.

Shuningdek, O‘zbekiston Birlashgan Arab Amirliklari rahbariyati tomonidan SOR-28 raisi sifatida ilgari surilayotgan muhim tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring